Qrim ko‘prigida yuz bergan portlash yuzasidan Rossiya jinoiy ish ochdi
Olam
−
17 iyul 2023
7774Bugun, 17 iyulga o‘tar kechasi Qrim ko‘prigida portlashlar sodir bo‘lgandi. Ushbu holat yuzasidan Rossiya Tergov qo‘mitasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda mamlakat Milliy aksilterror qo‘mitasi ma’lum qildi.
Mazkur portlash yuzasidan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 205-moddasi (Terrorchilik harakati) bilan jinoyat ishi ochildi. Hujumda Ukraina razvedka xizmatlari ayblangan.
“Soat 03:05 da Ukrainaning ikkita droni Qrim ko‘prigiga hujum qildi. Amalga oshirilgan terrorchilik harakati oqibatida Qrim ko‘prigining yo‘l qismi shikastlangan”, deyiladi Milliy aksilterror qo‘mitasi xabarida.
Tergov hujumda ishtirok etgan Ukraina maxsus xizmatlari va qurolli tuzilmalari orasidan shaxslarni aniqlamoqda.
Ukrainaning “RBK-Ukraina” va “Obozrevatel” nashrlari Qrim ko‘prigiga hujum Ukraina Xavfsizlik xizmati va mamlakat harbiy-dengiz kuchlarining maxsus operatsiyasi ekanini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, Qrim ko‘rigiga tunda qilingan hujum oqibatida Belgorod viloyatidan er-xotin vafot etib, ularning qizi o‘rtacha og‘irlikdagi jarohatlar olgan. Shuningdek, Qrim va Kuban o‘rtasidagi parom qatnovi ishi to‘xtatilgan. Favqulodda holat sabab Krasnodar o‘lkasidagi Qrim ko‘prigiga kiraverishda ko‘p kilometrlik tirbandlik yuzaga kelgan.
LiveBarchasi