Xotinini urgan qozog‘istonlik diplomat 6 yilga qamaldi

Olam

image

Bugun, 18 iyul kuni Qozog‘istonning Birlashgan Arab Amirliklaridagi elchixonasining sobiq maslahatchisi, diplomat Saken Mamash ayoliga nisbatan muntazam zo‘ravonlik qilgani uchun sud tomonidan 6 yil ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda “Vlast.kz” xabar berdi.

2024 yilning may oyida diplomatning rafiqasi Karina Mamash deyarli 10 yil davomida doimiy ravishda eri tomonidan kaltaklanib kelganini ommaga ochiqlagan. Bu bayonot ortidan Saken Mamash BAAdan Qozog‘istonga chaqirib olingan va unga nisbatan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan jinoyat ishi ochilgan.

2024 yil iyun oxirida esa u xotinining singlisini kaltaklagani uchun 15 sutkaga ma’muriy qamoq jazosi olgan. 2024 yil oktyabrda Karina Mamash rasmiy ravishda ajrashganini e’lon qilgan.

Sud qaroriga ko‘ra, Saken Mamash Qozog‘iston Jinoyat kodeksining 110-moddasi 2-qismi (qiynoq) bo‘yicha aybdor deb topilgan va o‘rta xavfsizlikdagi jazo muassasasida 6 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Shuningdek, sud qaroriga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 49-moddasi asosida Mamash birinchi toifadagi diplomatik unvonidan ham mahrum qilingan.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yilning 9 noyabr kuni Qozog‘iston Respublikasi sobiq milliy iqtisodiyot vaziri Kuandik Bishimbayevning turmush o‘rtog‘i Saltanat Nukenova tan jarohati olib, Ostonadagi restoranlardan birida vafot etgandi. Uning sud jarayoni ochiq rejimda o‘tdi va Qozog‘iston Respublikasi Oliy sudining YouTube-kanalida onlayn translyatsiya qilib borilgan. Sud jarayonida hakamlar hay’ati ishtirok etgan. Saltanat Nukenovani o‘ldirish va qiynoqlar qo‘llashda ayblanib, Kuandik Bishimbayev 24 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston diplomat Saken Mamash

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing