Qozog‘istonlik bokschi Bahodir Jalolovni nokautga uchratishini aytdi
Sport
−
22 avgust
22876Og‘ir vazn toifasidagi qozog‘istonlik bokschi Ivan Dichko o‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustasi Bahodir Jalolovni nokautga uchratishga va’da berdi. Bu haqda “Vesti.kz” xabar berdi.
Kecha, 21 avgust kuni amerikalik bokschi Kreyg Lyuisn (15-8-1, 8 KO) ga qarshi ringga ko‘tarilib, uni ikkinchi raundda nokautga uchratgan Ivan Dichko o‘zbekistonlik bokschi bilan professional tarzda uchrashishga qarshi emasligi va uni nokautga uchratishini va’da bergan.
Dichkoning (14-0, 13 KO) menejeri Ziyo Aliyev “Vesti.kz” muxbiri bilan suhbatda o‘zbekistonlik ikki karra Olimpiada chempioni Bahodir Jalolov (14-0, 14 KO) bilan ehtimoliy jang vaqtini ma’lum qilgan.
“O‘ylashimcha, Jalolov bilan jang kelasi yili bo‘lib o‘tishi mumkin”, degan Aliyev.
Ma’lumot uchun, 2024 yilgi Parij yozgi Olimpiada o‘yinlarining boks bahslarida +92 kg vaznda o‘zbekistonlik Bahodir Jalolov ispaniyalik Ayyub Gadfani mag‘lub qildi va ikkinchi marotaba Olimpiada chempioniga aylandi. Musobaqa yakunida u havaskor sport faoliyatini yakunlashi va professional boksga to‘liq o‘tishini ma’lum qildi.
Jalolov Parij Olimpiadasidagi g‘alabasidan so‘ng professional bokschilarning Olimpiya o‘yinlaridagi ishtiroki haqidagi bahsli masalaga sabab bo‘lib, “WorldBoxingNews” nashri foydalanuvchilari tomonidan tanqid qilindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘zbekistonlik professional bokschilar Bahodir Jalolov va Shohjahon Ergashev Xalqaro boks federatsiyasining (IBF) yangilangan reytingida kuchli o‘n beshtalikni tark etdi. WBC'da esa Bahodir Jalolov o‘tgan oydagidan 2 pog‘ona ko‘tarilib, 6-o‘rindan joy oldi.
LiveBarchasi