Qozog‘istonga ko‘chayotgan o‘zbekistonliklar soni keskin kamaydi

Jamiyat

image

O‘zbekistondan Qozog‘istonga ko‘chib ketayotganlar soni so‘nggi yillarda sezilarli darajada kamaydi. Biroq O‘zbekiston mamlakatga eng ko‘p ko‘chib borayotgan davlatlar orasida yetakchilikni saqlab qolmoqda. Bu haqda “Data Hub” xabar berdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning birinchi yarmida O‘zbekistondan Qozog‘istonga doimiy yashash uchun qariyb 2,9 ming kishi ko‘chib o‘tgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 49,2 foizga kamayib, so‘nggi besh yil ichidagi eng past natijaga aylangan.

Shunga qaramay, O‘zbekiston qo‘shni respublikaga eng ko‘p migrant yuborgan davlatlar orasida birinchi o‘rinni egallagan. Mamlakatdan borganlar Qozog‘istondagi jami tashqi migratsiya oqimining 36,1 foizini tashkil etgan.

Taqqoslash uchun, 2022 yilning birinchi yarmida O‘zbekistondan Qozog‘istonga 3 418 kishi ko‘chib o‘tgan bo‘lsa, 2025 yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 5 693 nafarga yetgan. Joriy yilda esa u qariyb 2,9 ming nafargacha kamaygan.

Ko‘chib borganlarning qariyb 2 ming nafari etnik qozoqlar bo‘lgan. Ularning 1 743 nafari, ya’ni 60 foizdan ko‘prog‘i Olmaota va Mang‘istau viloyatlariga joylashgan. Yana 535 kishi yoki 18,5 foizi Olmaota va Ostona shaharlarini tanlagan.

Shuningdek, joriy yilning birinchi yarmida 41 nafar qozog‘istonlik O‘zbekistonga doimiy yashash ko‘chib kelgan. O‘tgan yilning mos davrida bu ko‘rsatkich 32 nafarni tashkil etgan. Natijada ikki davlat o‘rtasidagi migratsiya saldosi Qozog‘iston foydasiga 2 853 kishini tashkil qilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning birinchi yarmida O‘zbekiston fuqarolari Rossiyaga ishlash maqsadida eng ko‘p kirgan migrantlar bo‘lgani, ushbu davrda O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston fuqarolari Rossiyaga jami qariyb 1,9 million marta mehnat faoliyati uchun kirgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing