Qozog‘istondan 1200 dan ortiq migrant quvildi

Olam

image

Bir necha kun ichida Qozog‘istonda 10 mingga yaqin migratsiya qonunchiligini buzgan shaxslar aniqlanib, ularning 1200 dan ortig‘i mamlakatdan chiqarib yuborildi. Bu haqda Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
 
Ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, atigi uch kun ichida migratsiya qonunchiligini buzgan deyarli 10 ming shaxs aniqlangan. Ularning 4,5 ming nafari mamlakatda qolish muddatini buzgan, yana 2,5 ming nafari esa noqonuniy ishlagan.

“Sud qaroriga ko‘ra, allaqachon 1240 nafar xorijlik Qozog‘istondan chiqarib yuborilgan, ularga besh yil davomida mamlakatga kirish taqiqlangan. Qonunbuzarlarning aksariyati odatdagidek yaqin qo‘shni mamlakatlardan. Shu bilan birga, reyd chog‘ida Bangladeshdan, Misrdan, Italiyadan, Nigeriyadan va Madagaskardan noqonuniy muhojirlar ham aniqlandi. Bundan tashqari, xalqaro qidiruvda bo‘lgan 20 nafar xorijlik ham qo‘lga olindi”, dedi Ichki ishlar vazirligi Migratsiya xizmati qo‘mitasi raisi Aslan Ataliqov.

2200 ta qabul qiluvchi tomon politsiyaga o‘z vaqtida xabar bermagani uchun jarimaga tortilgan. Ularning jarima miqdori 12 million tengedan oshgan. Bundan tashqari, 500 ish beruvchi noqonuniy xorijlik ishchilarni yollagani uchun 33 million tengelik (taxminan 847 mln so‘mlik) jarima to‘lashga majbur bo‘lgan. Ular orasida ilgari ham qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ygan besh ish beruvchi aniqlangan.

Migratsiya qoidalarini buzish bilan bog‘liq noqonuniy sxemalarni fosh qilish natijasida Qozog‘iston fuqarolariga qarshi 12 ta jinoyat ishi ochilgan.

“Masalan, Ostondagi bir universitet yotoqxonasi komendanti pullik xizmat evaziga 56 ta mehnat muhojiriga talabalar sifatida vaqtinchalik yashash ruxsatnomasini rasmiylashtirgan. Shuningdek, Olmota viloyatida bir notarius yordamchisi xorijliklarga soxta ishonchnomalar berib, ularni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun soxta manzillar taqdim etgan”, deyiladi politsiya hisobotida.

Ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, barcha holatlar bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda. Shu munosabat bilan chet ellik mehmonlar rasmiy tartib-qoidalarga rioya etishga, noqonuniy “yordamchilar” xizmatidan foydalanmaslikka chaqiriladi.

“Ta’kidlash joizki, davlat mehmonlar kelishi haqida xabar berish, IIN rasmiylashtirish, migratsiya ro‘yxatidan o‘tish va vaqtinchalik yashash uchun ruxsat olish uchun hech qanday haq olmaydi”, dedi Migratsiya xizmati qo‘mitasi raisi Aslan Ataliqov.


Maqola muallifi

Teglar

migrant Qozog'iston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing