Qozog‘istondagi suv toshqinlari 80 yil ichidagi eng yirik tabiiy ofatdir – To‘qayev
Olam
−
06 aprel
10643Qozog‘istonda mart oyida boshlangan yirik suv toshqinlari so‘nggi 80 yil ichida respublikadagi eng yirik tabiiy ofatga aylandi. Bu haqda mamlakat Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bugun, 6 aprel kuni televideniye orqali yo‘llagan xalqqa murojaatida aytib o‘tdi.
"Ko‘p yillardan buyon kuzatilmagan tabiiy ofat yuz berdi. Balki bu so‘nggi 80 yildan ortiq davrdagi ko‘lami va oqibatlari bo‘yicha eng yirik ofatdir", deydi u.
To‘qayevning so‘zlariga ko‘ra, suv toshqinlari tufayli mamlakatning o‘nta viloyatida: Abay, Aqmola, Aqto‘be, Atirau, G‘arbiy Qozog‘iston, Qarag‘anda, Qo‘stanay, Pavlodar, Shimoliy Qozog‘iston va Ulitau viloyatlarida mahalliy favqulodda holat e’lon qilingan.
Prezident uning tanqid va ko‘rsatmalaridan kelib chiqib, hukumat sel oqibatlarini kamaytirish bo‘yicha ishlarni faollashtirgani va tegishli choralar ko‘rilayotganini ta’kidladi.
"Respublika shtabi tuzildi, unga Bosh vazir rahbarlik qiladi. Hukumat rahbari ham, uning o‘rinbosarlari ham, Favqulodda vaziyatlar vaziri ham jabrlangan hududlarga tashrif buyuradi", deya tushuntirdi davlat rahbari.
To‘qayev barcha jabrlanganlarga moddiy va boshqa zarur yordam ko‘rsatilishini, barcha moddiy yo‘qotishlar qoplanishini ta’kidladi.
“Biz bu katta toshqinlardan barcha saboqlarni olishimiz kerak. Tabiiy ofatlarning oldini olish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlardagi kamchiliklardan tortib, suv xodimlarining yetishmasligi va tabiatga nisbatan noto‘g‘ri munosabatimizgacha o‘zgartirishimiz kerak. Hukumat va mahalliy hokimiyat organlari suv toshqinlariga qarshi kurashni samarali muvofiqlashtirishda davom etishlari kerak. Suv bosgan hududlarda huquq va tartibni ta’minlash zarur”, deydi u.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Mudofaa vazirligi tabiiy ofatga qarshi kurashish uchun qo‘shimcha harbiy qismlarni jo‘natadi. Bundan tashqari, To‘qayev ommaviy axborot vositalari va blogerlarni vahima qo‘zg‘atuvchi tasdiqlanmagan ma’lumotlarni tarqatmaslikka chaqirdi.
"Bunday vaziyatda hokimiyat va jamiyatni birlashtirishga qaratilgan harakatlar alohida ahamiyatga ega. Mamlakat uchun og‘ir bo‘layotgan hozirgi davrda jamiyatimizning birligi va hamjihatligi har qachongidan ham muhimroqdir. Fuqarolardan faqat rasmiy axborot manbalariga ishonishlarini so‘rayman", deydi To‘qayev.
Qozog‘iston Favqulodda vaziyatlar vazirligining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, suv toshqinlari boshlanganidan buyon Oqmola, Aqto‘be, Atirau, Qo‘stanay, Pavlodar va Shimoliy Qozog‘iston viloyatlarida 3 mingdan ortiq xususiy turar-joy binolari va hovli hududlari suv ostida qolgan. 70 ta aholi punkti esa transport aloqasidan uzilgan. 46 755 kishi, jumladan 14 589 nafari bolalar qutqarilgan va evakuatsiya qilingan. Qutqaruv ishlariga 8,6 mingdan ortiq kishi va 1,7 ming dona texnika, 411 suv nasosi va 65 suv kemasi, shuningdek, 10 samolyot jalb qilingan.
Eslatib o‘tamiz, To‘qayev 30 mart kuni mamlakatning qator hududlarida suv toshqini tufayli yuzaga kelgan favqulodda vaziyat yuzasidan tezkor yig‘ilish o‘tkazib, hukumat va hokimlarni faoliyatida beparvolikka yo‘l qo‘ygani uchun tanqid qilgandi. U xalqidan uzr so‘ragan va barcha jabrlanganlarga moddiy yordam ko‘rsatilishiga ishontirgandi.
LiveBarchasi