Qozog‘istondagi portlash qurbonlari 35 nafarga yetdi

Olam

image

Qozog‘istonning Qarag‘anda viloyatidagi Kostenko konida sodir bo‘lgan portlash oqibatida halok bo‘lganlar soni 35 kishiga yetdi. Bu haqda Qarag‘anda viloyati hokimi Ermaganbet Bulekpayevga tayanib, “Tengrinews” xabar berdi.

“Ayni paytda Kostenko konida yuz bergan fojia 35 nafar konchining hayotiga zomin bo‘ldi. Yana 13 nafar konchi bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatida. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, lavada yong‘in sodir bo‘lgan. 252 konchidan 208 nafari yer yuzasiga olib chiqilgan, ulardan 18 nafari tibbiy yordamga murojaat qilgan”, deydi viloyat hokimi. 

Ermaganbet Bulekpayevning qo‘shimcha qilishicha, jabrlanganlarning barchasi shifokorlarning doimiy nazoratida.

Mutaxassislarning dastlabki xulosalariga ko‘ra, kondagi portlash yong‘in haqida xabar berilganidan keyin sodir bo‘lgan. 

Ta’kidlanishicha, avvaliga konda yong‘in sodir bo‘lgan, uning ortidan metan-havo aralashmasining siqilishi oqibatida portlash yuz bergan. Metan-havo aralashmasining chaqnashidan hosil bo‘lgan zarba to‘lqini juda ko‘p qurbonlarga olib kelgan.

“Portlashning kuchi shunday bo‘lganki, g‘arbiy va sharqiy bloklardagi telekommunikatsiya tizimi ishdan chiqqan. Zarba to‘lqini nafaqat favqulodda vaziyat hududiga, balki sharqiy blokda joylashgan K2 lavasiga ham ta’sir ko‘rsatgan. Zarba to‘lqinining tarqalish diapazoni 2 kilometrdan oshgan”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 28 oktyabr kuni ertalab Qozog‘istondagi ko‘mir konida portlash sodir bo‘lgandi.

Mamlakat Bosh prokuraturasiga ko‘ra, hokimiyat tomonidan kon yoki qurilish ishlarini olib borishda xavfsizlik qoidalarini buzish (Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi) moddasi bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv boshlangan

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev kondagi portlashdan so‘ng, “ArselorMittal Temirtau” bilan investitsiyaviy hamkorlikni to‘xtatishni buyurgan. Davlat rahbari 29 oktyabrni halokat qurbonlari xotirasiga umumxalq motam kuni deb e’lon qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston portlash

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made