Qozog‘istonda yana 17 ta qishloq alkogoldan butunlay voz kechdi
Olam
−
05 avgust 6537 2 daqiqa
Qozog‘istonning Qo‘stanay viloyatida yana 17 ta qishloq aholisi spirtli ichimliklardan butunlay voz kechdi. Bu haqda mamlakat Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, ushbu qishloqlar “Mәdeni qog‘am” (Madaniyatli jamiyat) loyihasi doirasida spirtli ichimliklardan to‘liq voz kechishga qaror qilgan. Politsiya buni sog‘lom turmush tarzining namunasi sifatida baholamoqda.
Loyiha jamoatchilik faollari bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Shaharlarda va qishloqlarda hurmatga sazovor fuqarolar, oqsoqollar, diniy yetakchilar hamda mahalliy faollar ishtirokida jamoaviy komissiyalar tuzilgan. Ular alkogolga qaramlikdan aziyat chekayotgan fuqarolarga ma’naviy yordam ko‘rsatadi va tushuntirish ishlarini olib boradi.
Viloyat politsiya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Omonjol Bayzakovning ma’lum qilishicha, yil boshidan buyon alkogolli holatda sodir etilgan jinoyatlar soni 3,3 foizga kamaygan. Shu bilan birga, “xavf guruhlari” – jamoat tartibini buzishga moyil shaxslar, oilaviy zo‘ravonlar va alkogolga qaram shaxslar ustidan nazorat davom etmoqda. Yil boshidan buyon sudlar tomonidan 2600 ta spirtli ichimlik iste’mol qilishni (hatto uyda ham) taqiqlovchi qaror chiqarilgan.
“Mәdeni qog‘am” loyihasi doirasida spirtli ichimliklar savdosi bo‘yicha reydlar ham o‘tkazilmoqda. Yil boshidan buyon 217 ta qonunbuzarlik – tungi vaqtda yoki voyaga yetmaganlarga alkogol sotilishi holatlari aniqlangan.
Loyiha 2024 yil sentyabridan buyon amalga oshirilmoqda. Uning asosiy maqsadi – jinoyatchilikning oldini olish, zararli odatlar bilan kurashish va sog‘lom madaniy muhitni shakllantirish.
Bungacha Ostona yaqinidagi Qosshi va Taytobe qishloqlarida 10 ta do‘kon egalari o‘z ixtiyorlari bilan alkogol mahsulotlari savdosini to‘xtatganini e’lon qilgan.
Shuningdek, Sharqiy Qozog‘iston viloyatining Ko‘kbastav, Terekti, Januzaq va Baytog‘as qishloqlarida ham spirtli ichimliklardan voz kechilgan. Bu aholi punktlarida jinoyatchilik darajasi mutlaqo nolga tushgan – birorta ham huquqbuzarlik qayd etilmagan.
Abay viloyatidagi Tana-Mirza qishlog‘i aholisi ham spirtli ichimliklardan butunlay voz kechgan. So‘nggi uch yil ichida bu yerda alkogol bilan bog‘liq birorta ham jinoyat sodir etilmagan. Ushbu qishloq politsiya va aholi hamkorligining muvaffaqiyatli namunasi sifatida tilga olinmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonning Atirau viloyati 7 ta tumanidagi 54 ta qishloq aholisi spirtli ichimliklardan voz kechgani xabar qilingan edi.
Live
Barchasi