Qozog‘istonda toshqin boshlanganidan beri 117 mingdan ortiq kishi evakuatsiya qilindi

Olam

image

Qozog‘istonda toshqin boshlanganidan beri 117 mingga yaqin odam evakuatsiya qilindi. Bu haqda respublika Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

“Toshqin boshlanganidan buyon 117 142 kishi qutqarildi va evakuatsiya qilindi, ulardan 40 833 nafari bolalar. Shuningdek, 113 852 bosh qishloq xo‘jaligi hayvonlari ham xavfsiz joyga ko‘chirib o‘tkazildi. Daryolar va suv havzalarida suv toshqini bilan bog‘liq vaziyat havodan ko‘zdan kechirilmoqda va dronlardan foydalangan holda kuzatilmoqda”, deyiladi vazirlik xabarida. 

Qayd etilishicha, bugungi kunga qadar 17 547 kishi o‘z uyiga qaytarilgan, 6932 nafar fuqaro esa vaqtinchalik joylashtirish markazlarida qolishda davom etmoqda, shundan 3111 nafari bolalardir.

Qo‘shimcha qilinishicha, Aqmola, Aqto‘be, Qo‘stanay, Atirau va Shimoliy Qozog‘iston viloyatlarida 3873 ta turar-joy binolari va 2502 ta hovli-joylardan suv chekingan. Biroq 5677 ta xususiy turar-joy binosi va 1326 ta hovli hududi hamon suv ostida qolmoqda.

Mart oyida boshlangan suv toshqinlari tufayli Qozog‘istonning sakkizta viloyatida mahalliy favqulodda vaziyat saqlanib qolmoqda. Mamlakat Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev suv toshqinlarini respublikadagi so‘nggi 80 yildagi eng yirik iqlim ofati, deb atagan edi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq To‘qayev suv toshqini sababli iyun oyida bo‘lib o‘tadigan Ostona xalqaro forumini bekor qilgandi. Shuningdek, u katta miqyosdagi suv toshqinlari munosabati bilan davlat mablag‘larini tejash rejimini joriy etish va ularni keng tarqalgan tabiiy ofatdan jabr ko‘rganlarga yordam berishga yo‘naltirishga qaror qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston suv toshqini

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing