Qozog‘istonda namoyishdan keyin qancha odam qamoqqa olingani aytildi

Olam

image

Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari mamlakatda yuz bergan tartibsizliklardan keyin 2700 dan ortiq jinoiy ish bo‘yicha tergov olib bormoqda. Bu haqda bugun, 4 fevral kuni bo‘lib o‘tgan brifingda Respublika Bosh prokuraturasi birinchi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Yeldos Qilimjonov ma’lum qilgan. 

"4 fevral holatiga ko‘ra, tergov-tezkor guruhlari tomonidan 2750 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqilmoqda. Ushbu holatlar bo‘yicha 802 nafar gumonlanuvchi sud qarori bilan qamoqqa olingan. Ulardan 113 nafari qotillik, o‘g‘irlik, talonchilik jinoyatlari uchun sudlangan”, deydi Qilimjonov. 

Gumon qilinuvchilar orasida radikal diniy oqim tarafdorlari ham borligi aytilmoqda.

Uning ta’kidlashicha, 91 nafar shaxsga nisbatan jamiyatdan qattiq izolyatsiya qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan profilaktika choralari qo‘llanilgan.  

"Alohida e’tibor huquqni muhofaza qiluvchi organlarning noqonuniy xatti-harakatlari to‘g‘risidagi arizalarni tekshirishga qaratilmoqda. Bugungi kunga qadar prokuratura organlariga tergovning noqonuniy usullaridan foydalanish, hokimiyat va mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish holatlari yuzasidan 148 ta murojaat kelib tushgan. 105 ta holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan”, deya tushuntirdi Bosh prokuratura vakili.

Qozog‘istondagi namoyish

Qozog‘istonda 2022 yilning birinchi kunlarida ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi — mamlakat g‘arbidagi Janaozen va Aqtau shaharlari aholisi suyultirilgan gaz narxining ikki barobar oshishiga qarshi chiqdi. Keyinchalik norozilik namoyishlari boshqa shaharlarga, jumladan, eski poytaxt va Respublikaning eng yirik shahri Olma-otaga ham tarqaldi: u yerda talonchilik boshlandi, namoyishchilar davlat muassasalariga hujum qilishdi, qurol-yarog‘larni olib ketishdi. Bunga javoban rasmiylar 19 yanvarga qadar butun mamlakat bo‘ylab favqulodda holat e’lon qildi va aksilterror operatsiyasini boshladi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Qozog‘istondagi namoyishlar chog‘ida 1000 ga yaqin odam jarohatlangan. Mamlakat Bosh prokuraturasi ma’lumotlariga ko‘ra, tartibsizliklar natijasida 4578 kishi jarohatlangan, 225 kishi halok bo‘lgan, ulardan 19 nafari xavfsizlik xizmati xodimlari.  

5 yanvar kuni ertalab Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev hukumatni iste’foga chiqardi va Xavfsizlik kengashiga o‘zini rahbar etib tayinladi. O‘z rahbarligidagi Xavfsizlik kengashining birinchi yig‘ilishida To‘qayev Qozog‘istondagi vaziyatni davlat yaxlitligiga putur yetkazuvchi deb baholadi va “terrorchilik tahdidini yengishda” KXSHTdan yordam so‘raganini aytdi. KXSHT Kollektiv xavfsizlik kengashi mamlakatdagi vaziyatni normallashtirish uchun Qozog‘istonga kollektiv tinchlikparvar kuchlarni yuborishga qaror qildi.  

7 yanvar kuni To‘qayev terrorchilar, jumladan, xorijdan kelganlar ham qarshilik ko‘rsatishda davom etayotganini aytib, qurolini tashlamaganlarni yo‘q qilishga va’da berdi. Bundan tashqari, Prezident fuqarolarning tinch shaklda bildirilgan barcha talablari tinglanganini ta’kidladi. 

13 yanvar kuni KXSHT missiyasi muvaffaqiyatli yakunlangani e’lon qilindi. 19 yanvar kuni Qozog‘iston Mudofaa vazirligi Respublikada xorijlik harbiy xizmatchilar qolmaganini ochiqladi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston

Baholaganlar

25

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing