Qozog‘istonda masjiddagi portlash oqibatida 3 kishi halok bo‘ldi
Olam
−
17 noyabr
12732Qozog‘istonning Oqmola viloyatida eski masjid binosida yuzaga kelgan gaz portlashida ikki nafar katta yoshdagi odam va bir bola halok bo‘ldi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar departamentiga tayanib, “Tengrinews” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, 1978 yilda tug‘ilgan erkak vafot etgan. Qutqaruvchilar vayronalar ostidan 1983 yilda tug‘ilgan ayol va 2012 yilda tug‘ilgan bolaning jasadini ham topgan. Tez yordam brigadasi 16 jabrlanuvchini Ostona shahar shifoxonasiga yetkazgan.
“Ayni damda qutqaruvchilar vayronalarni tozalash ishlarini viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining 30 ga yaqin xodimi va 5 birlik texnikasi, shuningdek, tezkor qutqaruv guruhi, tibbiyoti markazi, psixologlar, shahar kinologiya xizmati bilan hamkorlikda olib bormoqda. Yong‘in sababini aniqlash uchun hodisa joyida Oqmola viloyati va Ostona Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining o‘t o‘chirish bo‘yicha tadqiqot-sinov bo‘limi ishlamoqda”, deyiladi xabarda.
Soat 11:37 dagi ma’lumotlarga ko‘ra, Oqmola viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Eldos Ramazonov Qo‘rg‘aljin tumanida sodir bo‘lgan voqea joyiga yetib borgan. Mahalliy ijroiya organlari barcha zarur yordamni ko‘rsatmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonda sodir bo‘lgan yong‘in 5 nafar bolaning hayotiga zomin bo‘lgandi. Vayronalarni tozalash jarayonida 2016, 2018, 2019, 2022, 2023 yillarda tug‘ilgan voyaga yetmagan 5 nafar bolaning jasadi topilgandi.