Qozog‘istonda Xitoyga qarshi namoyish o‘tkazildi

Olam

image

Kecha, 21 sentyabr kuni Qozog‘istondagi ikki yirik shahar – Nur-Sulton va Olma-otada Xitoyning iqtisodiy ekspansiyasiga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Mamlakat Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, politsiya 57 kishini qo‘lga olgan.

BBC ma’lumotiga ko‘ra, qo‘shni Xitoy Qozog‘istonning eng yirik savdo sherigi va investori hisoblanadi. Biroq Xitoyning ba’zi ishlab chiqarish kuchlari va zavodlarini Qozog‘istonga ko‘chirish rejasi mamlakat aholisining bir qismi tomonidan norozilik bilan qarshi olindi.

Noroziliklarda ishtirok etishga quvg‘indagi qozoq bankiri Muxtor Ablyazov chaqirgan. U hozirda Fransiyada yashaydi. Ablyazov Qozog‘iston muxolifatining ko‘zga ko‘ringan shaxslaridan hisoblanadi. U Qozog‘istonni 2009 yilda tark etgan. 2017 yilda Olma-ota sudi uni jinoiy guruh tuzish va bank mablag‘larini o‘g‘irlashda aybdor deb topib, sirtdan 20 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlagan.

Kecha, 21 sentyabr kuni yirik shaharlarda qo‘lga olishlar deyarli bir vaqtda soat 14:00 da boshlangan. Nur-Sulton va Olma-otada 57 kishi hibsga olingan. IIV qo‘lga olinganlar haqida quyidagicha fikr bildirgan:

“Bir necha marta prokuratura tomonidan ogohlantirish bo‘lganiga qaramasdan, ayrim fuqarolar taqiqlangan ekstremistik tashkilot chaqiriqlariga uchishdi.”

Bu Qozog‘istondagi birinchi antixitoy namoyishlari emas. Mamlakatda Xitoy bilan qo‘shma korxona qurishga qarshi namoyishlar sentyabr oyi boshida Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayevning Pekinga tashrifi oldidan ham o‘tkazilgandi. Bir hafta o‘tib esa shunday talab bilan chiqqan o‘nlab insonlar ma’muriy javobgarlikka tortilgan va 15 sutkaga qamalgan.


Maqola muallifi

Teglar

namoyish Xitoy-Qozog'iston ekspansiya

Baholaganlar

191

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing