Qozog‘istonda fuqarolar AES qurishga qarshi chiqmoqda

Olam

image

Qozog‘iston aholisi mamlakatda atom elektr stansiyasi qurilishini xohlamayapti. Shu sababdan AES qurishga qarshi ovoz yig‘ish maqsadida onlayn petitsiya e’lon qilindi. Uning mualliflari fuqarolar va atrof-muhitga tahdiddan qo‘rqib, atom elektr stansiyalari qurilishini taqiqlashni taklif qilmoqda.

Buning o‘rniga qozog‘istonliklar boshqa xavfsizroq turdagi elektr stansiyalarini ko‘paytirishni so‘ramoqda. Qayd etish kerakki, Qozog‘istonda “tinch atom” tarafdorlari va muxoliflari o‘rtasidagi tortishuvlar tinmayapti.

“Qozog‘iston hukumatiga savol. Tinchlik davrida Aris va Tarazda ikki marta o‘q-dorilar portlashi bilan bog‘liq favqulodda hodisa ro‘y bergandan keyin qanday qilib AES qurib, fuqarolar xavfsizligini ta’minlamoqchisiz? Poytaxtga feyerverklar olib kelishda odamlar xavfsizligini ta’minlay olmaganlar, ularning trassada portlashiga yo‘l qo‘yganlar qanaqasiga AES qurib, fuqarolarning xavfsizligini kafolatlashi mumkin? 

Nega boshqa xavfsiz turdagi elektr stansiyalarini emas, balki atom elektr stansiyasini qurish kerak? Murojaatga imzo chekkan biz barcha holatlarni inobatga olib, aholi xavfsizligining maksimal kafolati bo‘lmaguncha Qozog‘istonda atom elektr stansiyasi qurilishini taqiqlashni talab qilamiz! Agar elektr quvvati taqchil bo‘lsa, muqobil va xavfsiz turdagi elektr stansiyalarini quring!”, deyiladi jamoaviy murojaatda.

Murojaat mualliflariga ko‘ra, Qozog‘istonda maxsus komissiya tuzilgan bo‘lib, u bu masalani, jumladan, qurilish vaqti va joyini o‘rganmoqda. Murojaatda shuningdek, respublika Xitoy bilan elektr energiyasini eksport qilish bo‘yicha muzokaralar olib borayotgani iddao qilingan.

Hozirgacha 650 kishi onlayn petitsiyaga imzo chekkan.

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev 1 sentyabr kuni parlament majlisining ochilishida xalqqa yo‘llagan murojaatida hukumat va “Samruk-Kazina” davlat milliy farovonlik jamg‘armasiga mamlakatda atom energetikasini rivojlantirish imkoniyatlarini o‘rganishni topshirgandi.

Shuningdek, noyabr oyida moliya sektori vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda To‘qayev respublika kuchayib borayotgan elektr taqchilligi fonida AES qurish zarurati bo‘yicha yakuniy qarorga kelishi haqida fikr bildirdi.

Kuni kecha Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev respublikada atom elektr stansiyasi qurilishini e’lon qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston AES

Baholaganlar

162

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing