Qozog‘istonda erkak bepul ovqat uchun qamoqqa tushishga harakat qildi
Olam
−
25 Sentabr 2025 4916 2 daqiqa
Qozog‘istonlik erkak qasddan jinoyat sodir qilib, bepul ovqat va kiyim bilan ta’minlanadigan qamoqqa tushishga harakat qildi. Bu haqda “Nur.kz” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Aqmola viloyat sudi uning ustidan uchinchi marotaba yolg‘on terrorchilik xabari tarqatgani uchun hukm chiqargan. Sud ma’lumotiga ko‘ra, ayblanuvchi 2019 va 2023 yillarda ham xuddi shunday yolg‘on xabar berganlik uchun sudlangan.
Bu safar u joriy yilning avgustida cho‘pon bo‘lib ishlayotganda “112” raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, Ostonadagi avtovokzalga bomba qo‘yilgani haqida yolg‘on xabar bergan. Voqea joyiga maxsus xizmatlar yetib borib, tekshiruv o‘tkazganida ma’lumot tasdiqlanmagan.
Sudda erkak aybini tan olgan va bu ishni ataylab qilganini, chunki hozirda doimiy yashash joyi yo‘qligini, shuningdek, qamoqda bepul ovqat va kiyim-kechak borligini aytgan.
Sud uning avval ham sudlanganini ham inobatga olib, tegishli xulosalar chiqarmagani uchun jazo belgilagan. Oqibatda unga qat’iy darajadagi koloniyasida 2 yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonning Olmaota xalqaro aeroportida O‘zbekiston fuqarosi “sumkamda bomba bor” deb hazillashgani uchun jarimaga tortilgani haqida xabar berilgandi. 18 yoshli yigit ro‘yxatga olish bo‘limida yuklari orasida “atom bombasi” borligini aytib, jamoat tartibini buzgan. Oqibatda u mayda bezorilik uchun ma’muriy javobgarlikka tortilib, 78 640 tenge (1 mln 824 ming so‘m) miqdorida jarimaga tortilgan.
Live
Barchasi