Qozog‘istonda er-xotin o‘rtasidagi mojaroni olib chiqqan tok-shou yopildi

Olam

image

Qozog‘istonning “Xabar” telekanalidagi tok-shou oiladagi zo‘ravonlik qurboni bilan yuz bergan mojarodan so‘ng yopildi. Bu haqda “Orda.kz” ma’lum qildi. 

Qayd etilishicha, telekanalning “Birak” ko‘rsatuvining jonli efiriga qariyb 20 yil davomida ichkilikboz turmush o‘rtog‘i tomonidan kaltaklangan va undan qochib  Chimkentdan Ostonaga ko‘chib o‘tgan olti farzandning onasi taklif qilingan. 

“Eri uni kaltaklab, qo‘lini sindirib qo‘yganidan keyin ayol o‘zi bilan faqat bolalarini olib, Ostonaga qochib kelgan. U yerda vaqtinchalik shiyponda yashagan va ishlagan. Uch oy oldin eri uni topib, mast holda janjal ko‘targan. Qo‘shnilar politsiyaga qo‘ng‘iroq qilgan, ayol esa bizga keldi", deydi Ayollar va bolalarni qo‘llab-quvvatlash markazi rahbari Anna Ril.

Markaz vakillari dasturni yordam va qo‘llab-quvvatlashga tayyor bo‘lgan g‘amxo‘r odamlar ko‘radi, degan umidda “Xabar” telekanali jurnalistlariga ayolning aloqa ma’lumotlarini bergan. Jabrlanuvchining o‘zi va uning qizi yuzlari ko‘rsatilmasligi va huquqbuzarning u yerda bo‘lmasligi sharti bilan tok-shouda qatnashishga rozi bo‘lgan.

Ammo vaziyat boshqacha tus olgan. Jonli efir paytida studiyada ayolning turmush o‘rtog‘i paydo bo‘lgan. 

“Erkak o‘z xatti-harakatlarini oqlay boshladi va niqobini yechishni so‘radi. Shu bilan birga, ko‘rsatuv boshlovchisi ayolni bolalarning otasi bilan uchrashishiga ruxsat berishga va ular yarashish hamda bolalarni ko‘rish uchun erkakni ko‘rsatuvga taklif qilishlariga ko‘ndirgan. Ammo erini ko‘rgan ayol stressga tushdi”, deb yozadi Anna Ril.

Ayollar va bolalarni qo‘llab-quvvatlash markazi vakillari teledastur tashkilotchilarini reytinglar uchun ayolni yana azob-uqubatlarni boshdan kechirishga majburlagani uchun tanqid qildi.

“Bizning markazimiz zo‘ravonlikning oldini olishni ustuvor vazifa qilib qo‘yadi. Biz ayol bilan uning ahvoli bo‘yicha uch oy ishladik. Hozirda bu holat tufayli barcha harakatlarimiz barbod bo‘ldi, ayol chuqur stressni boshdan kechirdi”, deydi markaz vakillari.

Darvoqe, qozog‘istonliklarning bu holatga norozi munosabati ham uzoq kutilmadi. Janjal fonida “Xabar” agentligi boshqaruvi raisi tok-shou mehmoni va markaz xodimlaridan uzr so‘radi, shuningdek, xatoni tuzatishga va’da berdi.

“Loyihaning asosiy maqsadi ma’ruzachilar, psixologlar, huquqshunoslar bilan hamkorlikda ijtimoiy muammolar, oilaviy qadriyatlar, jamiyatni o‘ylantirayotgan mavzularni muhokama qilishdan iborat. Biz manipulyatsiya va virusli kontent yaratishdan qochamiz”, deb yozadi “Xabar” agentligi boshqaruvi raisi Kemelbek Oyshiboyev ijtimoiy tarmoqda.

Shunga qaramay, “Birak” tok-shousi yopildi. Bu haqda mamlakat Madaniyat va axborot vaziri Aida Balayeva ma’lum qildi.

“Oilaviy qadriyatlarni targ‘ib qilish, onalik va bolalikni muhofaza qilish, oiladagi zo‘ravonlikka qarshi kurashish faoliyatini muvofiqlashtirish Madaniyat va axborot vazirligining asosiy vazifalaridan biridir. Shu maqsadda 11 mart kuni “Xabar” telekanalida nafaqat oilalarning dolzarb muammolarini, balki ularning yechimini topishga hissa qo‘shishga mo‘ljallangan “Birak“ ko‘rsatuvi efirga uzatildi. Biroq, ushbu jonli efirda tahririyat o‘z maqsadlariga erisha olmadi, qahramonni chalg‘itib, jamiyatda noaniq reaksiyaga sabab bo‘ldi. Milliy telekanal, jumladan, hukumat siyosatini tushuntiruvchi telekanal bunga yo‘l qo‘ymasligi kerak. Jonli efirda sodir bo‘lgan voqea telekanal tahririyati uchun katta saboq bo‘lishi kerak. Bu tok-shou yopiladi”, deydi Madaniyat va axborot vaziri.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston tok-shou

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing