Qozog‘istonda cheklov choralari kuchaytirildi

Olam

image

Qozog‘istonda joriy yilning 25 dekabridan 2021 yilning 5 yanvarigacha koronavirus bilan bog‘liq cheklov choralari kuchaytiriladi. Bu haqda Hukumat matbuot xizmati COVID-19 ga qarshi kurash bo‘yicha idoralararo komissiya yig‘ilishidan so‘ng xabar bergan. 

Qayd etilishicha, mamlakatda sport yoki boshqa ommaviy tadbirlar, shu jumladan Yangi yil bayramlari va korporativ bazmlar taqiqlanadi. 

Qaror kelasi yilning yanvar-fevral oylarida O‘RVI va gripp kasalligi ortishi ta’sirida koronavirus infeksiyasi ko‘payishi xavfi borligi sababli qabul qilingan.

Shuningdek, Komissiya chakana savdo tarmog‘ida koronavirusga qarshi dorilar narxini o‘rtacha 24 foizga tushirish bo‘yicha choralar ko‘rishga qaror qilgan. 

Komissiya rahbari, Bosh vazir Asqar Mamin hokimlarning e’tiborini jamoat joylari, maktablar va bolalar bog‘chalarini sifatli tozalash, shuningdek, koronavirusga qarshi emlash uchun punktlar tayyorlash zarurligiga qaratgan. 

Ichki ishlar vazirligiga hokimliklar bilan birgalikda ta’tildan oldin va ta’til kunlari sanitariya-epidemiologiya talablariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Qozog‘istonda koronavirusga chalinganlar soni 191 mingdan oshgan. 2 mingdan ko‘p bemor vafot etgan.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston karantin

Baholaganlar

285

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing