Qozog‘istonda bugundan elektron sigaretalar butunlay taqiqlandi

Olam

image

Qo‘shni Qozog‘istonda elektron sigaretalarni olib kirish, ularni sotish va turli tamaki mahsulotlarni reklama qilishni taqiqlovchi qonun bugundan kuchga kirdi. Bu haqda TASS axborot agentligi xabar berdi.

Qozog‘iston qonunchiligida sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha o‘zgartirishlar kiritadigan, jumladan, mamlakat hududiga elektron sigaretalar olib kirish, ishlab chiqarish va sotishni taqiqlashni nazarda tutuvchi va joriy yilning aprel oyi oxirida davlat rahbari Qosim-Jomart To‘qayev tomonidan tasdiqlangan qonun bugun, 20 iyun kunidan boshlab kuchga kirdi.

Hujjat elektron sigaretalarni olib kirish va tarqatishni, shuningdek, kalyan tamakisi, kalyan aralashmalari, atirlar va suyuqliklarni tamakini isitish tizimlari, elektron iste’mol qilish tizimlarini reklama qilishni taqiqlaydi. Endilikda Qozog‘istonga ularni olib kirish va sotish uchun jinoiy javobgarlik belgilandi. Elektron sigaretalarga aloqador tovar belgisi va nom elementlaridan foydalangan holda ushbu mahsulotlarni reklama qilish ham taqiqlandi.

Bundan tashqari, qonunchilikdagi yangiliklar tibbiyot xodimlarining kasbiy javobgarligini majburiy sug‘urtalashni nazarda tutadi. Buning uchun har bir tibbiy tashkilot sug‘urta kompaniyasi bilan shartnoma tuzadi. Bemor tibbiy xatosi natijasida uning hayoti va sog‘lig‘iga zarar yetkazilgan taqdirda murojaat qilganda, shikoyat mustaqil ekspert komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqilishi taklif etiladi. Uning xulosasi bemorga sug‘urta to‘lovini amalga oshirish uchun asos bo‘ladi.

Ushbu jarayonni takomillashtirish uchun tomonlarga nizolarni sudgacha hal qilish imkonini beruvchi alohida mexanizm ham joriy etilgan.

Eslatib o‘tamiz, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev mazkur qonun loyihasini joriy yilning 20 aprelida ma’qullagandi.

Shuningdek, ushbu mazmundagi qonun loyihasi taklifi Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari, jumladan, shu yilning fevral va aprel oylarida Qirg‘iziston va O‘zbekistonning rasmiy idoralari tomonidan ham ilgari surilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Qosim-Jomart To'qaev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing