O‘zbekistonda elektron sigaretalarga taqiq qo‘yilishi mumkin

Jamiyat

image

Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekistonga elektron sigaretalar va tamakini qizdirish tizimlarini olib kirishni, shuningdek, ishlab chiqarish va sotishni taqiqlashni taklif qilmoqda. Bu haqdagi tegishli qonun loyihasi rasmiy portalda muhokamaga qo‘yildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021-2023 yillarda O‘zbekistonga 28,5 million dollarlik 5,4 million dona elektron sigaret qonuniy yo‘l bilan olib kirilgan bo‘lsa, yana 11,8 milliard so‘mlik tovarni noqonuniy ravishda kiritishga urinish bo‘lgan.

Monitoring shuni ko‘rsatdiki, o‘smirlar va yoshlar kattalarga qaraganda elektron sigaretlardan uch baravar ko‘proq foydalanadi. Maktab o‘quvchilari – 26,6 ming o‘g‘il bola va 8,6 ming qiz bola chekishga moyil. Chora ko‘rilmasa, kelajakda har beshinchi (20 foiz) o‘zbekistonlik yosh nikotinga ruju qo‘yishdan aziyat chekadi.

Qonun loyihasida respublika hududida elektron sigaretalar va boshqa tamakini qizdirish tizimlarini aylanishini taqiqlash nazarda tutilgan. Jazo sifatida ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilanadi.

Qonun loyihasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi hududida muomalasi taqiqlangan tamaki mahsulotlari, tamakini hamda nikotinni iste’mol qilish moslamalari, shuningdek, elektron sigaretalar va chilimlarni ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, realizatsiya qilish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, O‘zbekiston Respublikasi hududidan olib chiqish, O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit qilish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa,  bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

O‘sha harakatlar ko‘p miqdorda; bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib; takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan; xizmat lavozimini suiiste’mol qilish yo‘li bilan sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining to‘rt yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

O‘sha harakatlar juda ko‘p miqdorda; uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa, yetti yildan o‘n ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Loyiha muhokamasi 18 aprelga qadar davom etadi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil boshida Qozog‘iston parlamenti xorijdan elektron sigareta(veyp)lar olib kirish, ishlab chiqarish va sotishni to‘liq taqiqlovchi qonunni qabul qilgandi.

 


Maqola muallifi

Teglar

Sog'liqni saqlash vazirligi O'zbekiston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing