Qozog‘istonda bankka hujum qilgan shaxs giyohvand bo‘lib chiqdi

Olam

image

Kecha, 18 iyun kuni Ostona shahrining Do‘stlik ko‘chasida joylashgan “Kaspi” bank filialining yetti nafar xodimini garovga olgan Alixon Murodov 2013 yildan buyon giyohvand sifatida ro‘yxatga olingani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi ma’lum qildi. 

Bildirilishicha, Alixon Murodovga nisbatan Qozog‘iston Jinoyat kodeksining 261-moddasi (“garovga olish”) bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv boshlangan. Qo‘lga olingan shaxs 7 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 18 iyun kuni soat 13:51 da noma’lum shaxs bank filialiga bostirib kirib, qurolga o‘xshash buyum bilan qo‘rqitib, yetti kishini garovga olgan. Voqea joyiga politsiya, shahar hokimiyati, prokuratura xodimlari yetib borgan. Muzokaralarni respublika ichki ishlar vaziri Marat Axmetjanov olib borgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, erkak turli talablarni ilgari surgan, xususan, qarindoshlariga yordam berish haqida gapirgan. 16:35 ga kelib Axmetjanov hujumni boshlashga buyruq bergan.

Maxsus kuchlar operatsiyani ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz yordamida amalga oshirgan. 30 yoshli erkak qo‘lga olindi, bank xodimlari qo‘yib yuborildi.

“Garovga olinganlar va bosqinchilardan hech biri jabrlanmadi”, deyiladi Ichki ishlar vazirligi xabarida.

Keyinchalik hujumchi haqida ma’lumot paydo bo‘lgan. Bu 1993 yilda Jambil viloyatida tug‘ilgan Alixon Murodov bo‘lib chiqqan.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 18 iyun kuni Ostonadagi “Kaspi” banki filialida yetti nafar ayol va bir qo‘riqchi qurollangan shaxs tomonidan garovga olingandi. U bankning barcha aktivlarini nogiron bolalar, kambag‘al va muhtojlar fondiga o‘tkazishni talab qilgan. Keyinchalik Alixon Murodov politsiya tomonidan qo‘lga olingan va uning kredit bilan bog‘liq muammolari borligi haqida ma’lumotlar tarqalgan.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston bank

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing