Qozog‘istonda 4 nafar yurtdoshini yoqib yuborgan o‘zbekistonlik umrbod qamaldi

Olam

image

Qozog‘istonning G‘arbiy Qozog‘iston viloyatida 4 nafar vatandoshini yoqib yuborgan 48 yoshli O‘zbekiston fuqarosi umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu haqda “Moy gorod” nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, 2024 yilning may oyida Bayterek tumanida mudhish voqea sodir bo‘lgan. O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan to‘rt nafar shaxs yong‘inda halok bo‘lgan, yana biri esa kuyish jarohatlari olgan. Ular mavsumiy ishchilar bo‘lib, 15 kishi birga vaqtinchalik turarjoyda istiqomat qilgan.

Sud hujjatiga ko‘ra, fojia sodir bo‘lgan kuni ayblanuvchi va uning yurtdoshlaridan biri o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgan.

9 may kuni ularning orasidan biri kishi tug‘ilgan kunini nishonladi. Sudlanuvchi alkogol iste’mol qilgan. Uni bir necha bor tinchlantirishdi, tashqariga olib chiqishdi, ammo u yana qaytib kelib, bolta va o‘roq bilan odamlarga tashlandi. Keyin u “hammani o‘ldiraman” deb tahdid qilib, tashqariga chiqdi, benzin solingan idishni olib, gaz plitasiga uloqtirdi. O‘sha paytda nonushta tayyorlanayotgan edi”, dedi sudya Aslabek Dyusengaliyev.

Bino tez yonuvchi materiallardan qurilgani sababli yong‘in juda tez tarqalgan.

“Hodisa joyida to‘rt nafar erkak kuyish jarohatlari oqibatida vafot etdi, yana bir kishi termik kuyish oldi. Halok bo‘lganlar – Xudoyberdiyevlar va Namozovlar oilasiga mansub ikki aka-uka”, deydi sudya.

Sud jarayonida marhumlarning yaqinlari onlayn tarzda ishtirok etgan. Ular na ma’naviy zarar, na moddiy zarar uchun da’vo arizasi bergan. Faqat suddan ayblanuvchini umrbod qamoq jazosiga hukm qilishni so‘ragan. Chunki, agar u O‘zbekistonga qaytsa, o‘zlari qasos olishlarini aytgan.

Sudlanuvchi o‘z aybini qisman tan olgan. U idishda benzin emas, suv bor deb o‘ylagani va shu sababli bu jinoyatni bexosdan sodir etganini aytib, ishni ehtiyotsizlik bilan odam o‘ldirish moddasi bo‘yicha ko‘rib chiqishni so‘ragan. Biroq sud bu da’volarga ishonmagan.

Sud hukmiga ko‘ra, u ikki yoki undan ortiq odamni qasddan o‘ldirishda aybdor deb topilib, umrbod ozodlikdan mahrum qilingan. Jazo o‘rtacha xavfsizlik darajasidagi jazoni ijro etish muassasasida o‘taladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonning Mang‘istov viloyati Munayli tumani Basquduq qishlog‘idagi uyda O‘zbekiston fuqarosi is gazidan zaharlanib, vafot etgan edi. Vafot etgan erkak 1980 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasida tug‘ilgan. U qozog‘istonlik ayol bilan oila qurgan va ayoli va bolalari Qozog‘iston fuqarolari bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston O'zbekiston fuqarosi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing