Qozog‘istonda 16 yoshli o‘smir o‘ldirilishi ortidan shahar hokimi ishdan bo‘shatildi
Olam
−
15 Oktabr
7892Qozog‘istonning Talg‘ar shahar hokimi Baxit Kurishbekov va uning o‘rinbosari Matan Sagandik o‘z vazifalarini bajarmagani sababli ishdan bo‘shatildi. Bu haqda Olmaota viloyati Talg‘ar tumani ma’muriyati saytida e’lon qilindi.
Qayd etilishicha, sud jarayoni doirasida boshqa mansabdor shaxslarning ham javobgarlik darajasi belgilanadi.
O‘smirning o‘ldirilishi
Joriy yilning 4 oktyabr kuni kechqurun aholisi taxminan 50 ming kishidan iborat, Olmaota shahridan 25 kilometr sharqroqda joylashgan Talg‘ar shahrida 16 yoshli o‘smir pichoqlanib, vafot etdi. Mahalliy OAVga ko‘ra, marhumning oilasi ijaraga olgan do‘konda bir shisha pivo uchun mojaro boshlangan. Xaridor pul to‘lashdan bosh tortgan va sotuvchi – o‘ldirilgan o‘smirning otasi bilan janjallasha boshlagan. Bola otasi uchun xaridordan ketishni so‘ragan. Shundan so‘ng, xaridor do‘stlari bilan do‘konga qaytib kelgan va katta janjal yuz bergan. Janjalda o‘smirning ko‘krak qafas qismi bir necha marta pichoqlangan va u shifoxonada vafot etgan. Voqea joyida bo‘lgan marhumning amakisi ham shifoxonaga yotqizilgan.
Politsiya ushbu hodisa bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atgan va o‘n kishini qo‘lga olgan. Sud ularni ikki oy muddatga hibsga olishga qaror qilgan. Bundan tashqari, 12 oktyabr kuni Azat qishlog‘ida o‘ldirilgan o‘smirning oilasiga tegishli uy ham yonib ketgan. Hodisa oqibatida hech kim jarohatlanmagan. Politsiya oilani himoya ostiga olgan.
Ushbu hodisa butun Qozog‘istonda jamoatchilik noroziligiga sabab bo‘lib, keng muhokama qilinmoqda.