Qozog‘istonda haydovchisiz taksilar yo‘lga qo‘yilishi mumkin

Olam

image

Qozog‘iston yo‘llarida haydovchisiz taksilar yo‘lga qo‘yilishi mumkin. Bu haqda “24.kz” xabar berdi.

Mahalliy kompaniya bugun, 4 oktyabr kuni Digital Bridge platformasida IT-loyihasini taqdim etdi. Hukumat loyihani qo‘llab-quvvatlasa, u kelgusi yildayoq sinovdan o‘tkazilishi mumkin. Kompaniya 2027 yilda to‘liq tijorat xizmatini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Avtomobillar sun’iy intellekt yordamida boshqariladi. Alatau City sinov uchun ishga tushirish joyi sifatida ko‘rilmoqda, undan keyin Ostona va Olmaota shaharlari kutilmoqda.

“Davlat rahbari sun’iy intellektni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda va mamlakat keng ko‘lamli raqamlashtirish dasturiga kirishdi. Ushbu strategiya doirasida biz MDHda birinchi bo‘lib haydovchisiz taksi xizmatini yo‘lga qo‘yishimizga ishonchimiz komil. Bizning asosiy e’tiborimiz haydovchisiz transport vositalariga buyurtmalarni qabul qilish, yo‘llarda harakat qilish imkonini beradigan 3D va HD xaritalarni yaratishdir”, degan IT-kompaniya asoschisi Mayrambek Abelkasov.

Digital Bridge ko‘rgazmasida bolalarni maktab va bog‘chalarda bezorilikdan himoya qilishga mo‘ljallangan Rossiya startapi ham taqdim etildi. Tizim sun’iy intellekt yordamida ishlaydi: u videokuzatuv kameralari tasvirlarini tahlil qiladi, tajovuzkorlik holatlarini bir zumda aniqlaydi va xodimlarni ogohlantiradi.

Tizim Qozog‘istondagi 60 ta muassasada – maktablar, bolalar bog‘chalari, tibbiy-ijtimoiy markazlarda joriy qilingan. Kelgusida ishlab chiquvchilar “aqlli mashina” funksiyasini kengaytirib, pedagoglarning psixo-emotsional holatini kuzatish va qurol borligini aniqlashni rejalashtirmoqda.

“Ta’lim muassasalarida bolalar xavfsizligini ta’minlash asosiy ustuvor yo‘nalishdir. Bizning tizimimiz zo‘ravonlikni real vaqt rejimida aniqlaydi va bu haqda darhol rasmiylarga xabar beradi. U mavjud videokameralarga o‘rnatiladi va ma’lumotlarning internetga sizib chiqishini oldini olgan holda video oqimlarni mahalliy darajada qayta ishlaydi”, deydi kompaniya rahbari Jasulan Salibayev.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Amerikaning Tesla kompaniyasi rahbari Ilon Mask haydovchisiz Cybercab qo‘shaloq taksisi va haydovchisiz Robovan mikroavtobusini taqdim etgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Digital Bridge haydovchisiz taksilar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing