Qozog‘istonda “Hayat Tahrir ash-Shom” terrorchilar ro‘yxatiga kiritilmagani aytildi

Olam

image

Suriyada sobiq hukumat kuchlariga qarshi hujumlarda ishtirok etgan “Hayat Tahrir ash-Shom” guruhi Qozog‘istonning taqiqlangan terrorchilik tashkilotlari milliy ro‘yxatiga kiritilmagan. Ammo bu tashkilotni Suriya hukumati sifatida tan olish masalasi hali kun tartibida emas. Bu haqda Qozog‘iston Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Alibek Baqoyev BES.media nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

“Bu tashkilot Qozog‘istonning terrorchilik tashkilotlari milliy ro‘yxatiga kirmaydi. Bizning qarorlarimiz, avvalo, o‘zimizning tahlilimizga va shubhasiz BMT doirasida qabul qilinadigan qarorlarga asoslanadi. Shuning uchun, hozircha bu masalada biror narsa deyishga erta. Biz Suriyadagi vaziyatni va umuman Yaqin Sharqdagi holatni o‘rganish bosqichidamiz”, dedi u.

Baqoyevning qo‘shimcha qilishicha, u Qozog‘iston fuqarolarining “Hayat Tahrir ash-Shom” tarkibiga a’zo bo‘lgani haqida ma’lumotga ega emas. Shuningdek, u hozirgi Afg‘onistondagi muvaqqat hukumat –“Tolibon” harakatining (Qozog‘istonda avval taqiqlangan) terrorchilik tashkilotlari milliy ro‘yxatidan chiqarilishi sabablarini eslatib o‘tdi.

“Biz, avvalo, Birlashgan Millatlar Tashkilotining qarorlariga e’tibor qaratamiz. Chunki, “Tolibon”ni terrorchilar ro‘yxatidan chiqarish haqidagi qaror BMT hujjatlariga muvofiq qabul qilingan”, dedi u.

Ma’lumot uchun, “Tolibon” harakati 2021 yildan buyon Afg‘onistonda hokimiyatni nazorat qilmoqda. 2023 yil oxirida Qozog‘iston “Tolibon”ni taqiqlangan tashkilotlar ro‘yxatidan chiqardi. O‘shanda ham TIV Qozog‘istonning BMT Xavfsizlik Kengashi va Bosh assambleyasi qarorlariga rioya qilishini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Suriyada prezident Bashar Asad rejimini ag‘dargan “Hayat Tahrir ash-Shom” rahbari Abu Muhammad al-Jo‘loniy Suriya ikkinchi Afg‘onistonga aylanmasligini ta’kidlagandi. Shuningdek, al-Jo‘loniy mamlakat urushdan charchagani va o‘zining qo‘shnilariga ham, G‘arbga ham tahdid solmasligini aytdi. U bergan intervyusida Suriyaga qo‘yilgan sanksiyalarni olib tashlashni so‘radi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Suriya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing