Qozog‘iston va Tojikiston Olimpiada sovrindorlariga nima berdi?

Sport

image

Fransiyada joriy yilning 26 iyul – 11 avgust kunlari bo‘lib o‘tgan 2024 yilgi yozgi Olimpiada o‘yinlari o‘z nihoyasiga yetdi. Unda 32 ta sport turi bo‘yicha 329 ta medallar jamlanmasi uchun kurashildi. O‘yinlarda 206 ta Olimpiya terma jamoalaridan 10,5 ming nafar sportchi, shuningdek, neytral maqomga ega individual sportchilar ishtirok etdi.

Medallar bilan qaytgan sportchilarni har bir davlat rahbariyati turli mukofotlar bilan taqdirlamoqda. Kecha O‘zbekiston va Qirg‘izistonda Olimpiada sovrindorlari hukumat tomonidan nima bilan taqdirlangani haqida so‘z yuritgan edik. Endigi navbat Qozog‘iston hamda Tojikiston sportchilariga.

Qozog‘iston Olimpiadada 43-o‘rinni egalladi, jamoa hisobida yettita medal bor: bitta oltin, 3 ta kumush va 3 ta bronza.

Qozog‘istonlik sportchilar Olimpiada o‘yinlaridan qaytishni boshlar ekan, sovrindorlarni nafaqat yangi muxlislar, balki hukumat vakillari har xil pulli sovg‘alar bilan kutib oldi.

Dzyudo bo‘yicha Olimpiada o‘yinlarining oltin medalini qo‘lga kiritgan Yeldos Smetov qiymati kamida 78 million tenge (165 ming dollar) bo‘lgan Lexus LX 600 SUV kalitini oldi. Unga tug‘ilib o‘sgan Taroz shahridan 5 xonali kvartira va 2,6 million tenge (5500 dollar) miqdorida chek ham berildi. Smetov 250 ming dollarlik davlat mukofoti, umr bo‘yi 369 ming tenge (785 AQSH dollari) oylik to‘lovini ham oladi va unga 100 ta zotli ot podasi va’da qilindi.

Shuningdek, dzyudo bo‘yicha bronza medali sovrindori Gusman Qirg‘izboyev ham sovg‘alarini qabul qilib oldi. Mudofaa vazirligining shaxsiy sport klubi vakili bo‘lgan dzyudochi Qozog‘istonga qaytgach, katta leytenantdan kapitan darajasiga ko‘tarilgan. Unga qiymati qariyb 31 million tenge (65 ming dollar) bo‘lgan Toyota Land Cruiser-250  yo‘ltanlamas avtomobili va davlat mukofoti sifatida 75 ming dollar berildi.

Qozog‘iston Turizm va sport vazirligi Parijdan medal olib kelgan har bir kishini pul bilan rag‘batlantirishini e’lon qilgandi. Oltin medal sohiblari 250 ming dollar, kumush medal sohiblari 150 ming dollar, bronza medal sohiblari esa 75 ming dollar oldi. Shuningdek, 4-5-6-o‘rinlar uchun 30 ming, 10 ming va 5 ming dollarlik bonuslar taqdim etildi. Bunga qo‘shimcha tarzda mahalliy hokimliklar tomonidan ham sovg‘alar berilgan.

Tojikiston esa medallar jamlanmasida umumjamoa hisobda Olimpiada o‘yinlarini 79-o‘rinda yakunladi. Shu tariqa, Tojikistonning mustaqillikka erishgan davridagi Olimpiya medallari soni 7 taga yetdi – 1 ta oltin, 1 ta kumush va 5 ta bronza. Mamlakatning Parij Olimpiya terma jamoasi 14 nafar sportchidan iborat edi. Mamlakat delegatsiyasi hisobida 3 ta bronza medali bor va ular boks hamda dzyudo bahslarida jamg‘arilgan. Uch nafar tojikistonlik sportchiga tegishli bo‘lgan bronza medalining narxi taxminan 13 dollar (1 ta medal narxi) dan 39 dollarga teng.

Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon tomonidan bronza medal egalariga 200 ming somoniy (18 ming 867 dollar), kvartira va zamonaviy elektromobil topshirildi. Shuningdek, ular II darajali “Shon-sharaf” ordeni bilan taqdirlandi.

Qirg‘iziston hukumati kumush medal olgan yagona sportchiga Kia avtomobili va 10 mln som (taxminan 117 ming AQSH dollari), bronza medali sovrindorlariga esa 7 mln som (taxminan 82 ming AQSH dollari) va Kia avtomobili berdi.

Turkmaniston terma jamoasi esa sovrinsiz qoldi.

Ma’lumot uchun, o‘zbekistonlik Olimpiada chempionlari, ya’ni oltin medalni qo‘lga kiritgan sportchilar 200 ming dollar, Tahoe avtomobili va 2 qavatli kottej, kumush medal sovrindorlari 100 ming dollar, BYD Song Plus EV Champion mashinasi hamda kvartira, bronza medal sovrindorlari esa 50 ming dollar, kvartira va BYD Song Plus DM-i Champion avtomashinasi bilan taqdirlandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Parij Olimpiadasi medallarining narxi qancha turishi haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Tojikiston Olimpiada

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made