Qozog‘iston va Rossiya raqiblar emas – To‘qayev
Olam
−
27 noyabr
1325Qozog‘iston va Rossiya Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) hamda uchinchi davlatlar bozorlarida qishloq xo‘jaligi sohasida o‘zaro raqobat qilmasligi kerak. Bu haqda Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Rossiya va Qozog‘iston o‘rtasidagi mintaqalararo hamkorlik forumida qatnashuvchilariga qilgan murojaatida so‘z ochdi.
“Agrosanoat sohasida mamlakatlarimiz haqiqatan ham ulkan eksport salohiyatiga ega. Mamlakatlarimiz YeOII bozorida va eksport bozorlarida o‘zaro raqobat qilmasligi kerak, chunki bu integratsiya va umumiy hamkorlikka sezilarli zarar yetkazadi. Muzokaralar davomida ushbu masalaga katta e’tibor qaratdik va umumiy tushunishga erishdik”, dedi To‘qayev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘iston va Rossiya birgalikda harakat qilib, uchinchi davlatlar bozorlariga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib beruvchi asosiy oziq-ovqat markaziga aylanishi mumkin. Bugungi kunda Xitoy mamlakat mahsulotlarining ishonchli hamkori va barqaror iste’molchisi bo‘lib qolmoqda.
Shuningdek, To‘qayev Moskvaga Qozog‘iston bilan birgalikda “sharqiy qo‘shni” bilan savdo hajmini oshirish uchun bir-birini to‘ldirishni taklif qildi. Bundan tashqari, u Rossiyaning agrosanoat kompleksini rivojlantirish, importni almashtirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish borasida katta yutuqlarga erishganini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, avgustda Qozog‘iston hukumatining uchinchi davlatlar va YeOIIdan bug‘doy importini taqiqlash to‘g‘risidagi qarori kuchga kirgan edi. Shundan so‘ng 8 oktyabr kuni Rosselxoznadzor Qozog‘iston orqali Rossiyaga sanksiya ostidagi mahsulotlarning noqonuniy olib kirilishi holatlari haqida xavotir bildirgan. 17 oktyabr kuni esa Rosselxoznadzorning o‘zi ham Rossiyaga Qozog‘istondan bug‘doy, yasmiq, pomidor, qalampir va qovun olib kirishni vaqtincha taqiqlagan. 21 oktyabr kuni Rossiya Qozog‘istondan kesilgan gullar va g‘unchalarning ham mamlakatga importini vaqtincha cheklab qo‘ydi. Cheklovlar fonida Rossiya Qozog‘istonni Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi shartnomasidagi tranzit tashuvlari bo‘yicha yagona tariflardan foydalanish tamoyilini buzganlikda aybladi.