Qozog‘iston va Rossiya chegarasidagi neytral hududlarda haydovchilar arosatda qoldimi?

Jamiyat

Joriy yilning 15 mart kuni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev mamlakatda favqulodda holat joriy etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.  Shu sababli, Qozog‘iston chegarasida qo‘shni respublikalardan kelayotgan yuzlab avtomobillar to‘planib qolgan. Bu haqda QALAMPIR.UZ’ning manbalari xabar bermoqda.

Videoxabar shaklidagi ma’lumotda Qozog‘iston bir oyga chegaralarni yopgani munosabati bilan ikki davlat o‘rtasidagi neytoral hududda avtomobillar to‘plangani aytilgan. “Qozog‘istonga kirish yopildi. Na Rossiyadan, na Qirg‘izistondan kelganlar kiritilyapti”, deydi video egasi. 

Xuddi shunday holat Rossiya chegarasida ham kuzatilmoqda. Tahririyatga yuborilgan xabarga ko‘ra, Moskvadan kelayotgan yuk mashinalari ham ortlariga qaytib ketmoqda. “Biz hozir neytral hududda turibmiz. Bizni (neytral hududdagi) qo‘yib yuborar ekan. Bu hududga kirmaganlar ortiga qaytarib yuborilmoqda. Rossiyadan kelganlar Rossiyaga, Qirg‘izistondan kelganlar Qirg‘izistonga qaytib ketmoqda”, deydi qirg‘izistonlik haydovchi.

Ushbu ma’lumotlarni tahririyatning bir necha manbalari ham tasdiqladi. Neytral hududga kirganlar o‘tkazib yuborilishi, bu hududga kirmaganlar ortlariga qaytib ketayotgani aytildi. 

Ma’lumot o‘rnida, Qozog‘istonda COVID-19 pandemiyasi sababli aholining hayoti va salomatligini himoya etish maqsadida joriy yilning 16 mart kunidan 15 aprelgacha bo‘lgan davr ichida favqulodda holat e’lon qilingan. Bu vaqtda odamlar gavjum joylar, jumladan, yirik savdo nuqtalari, ko‘ngilochar markazlar, kinoteatrlar, teatrlar, ko‘rgazmalar va boshqa ob’ektlarning ish faoliyati chegaralanadi va to‘xtatiladi.

Dunyoning eng katta hududga ega davlati Rossiyada ham karantin bo‘yicha yanada keskinroq choralar ko‘rishni boshlagan. Rossiya Federatsiyasi Bosh vaziri Mixail Mishustin Rossiya yangi turdagi koronavirus 2019-nCoV aniqlangan chet el fuqarolarini mamlakatdan chiqarib yuborilishi mumkinligini aytdi. 

Neytral hudud xalqaro huquq normalariga binoan, biror davlatga tegishli bo‘lmagan hudud hisoblanadi. Neytral hududda biror davlat o‘zining hokimiyatini, yurisdiksiyasini yuritish taqiqlanadi. Bunday hududlari vaqtincha belgilanishi ham mumkin.    

 
   
 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Qozog'iston COVID-19

Baholaganlar

149

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing