Qozog‘iston “o‘rta daromad tuzog‘i”ga tushib qoldi – To‘qayev
Olam
−
04 may 3516 2 daqiqa
Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev mamlakat “o‘rta daromad tuzog‘i”ga duch kelganini aytdi. Bu haqda u bugun, 4 may kuni Sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘yicha kengash yig‘ilishida so‘z ochdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tabiiy resurslar va arzon ishchi kuchi kabi an’anaviy iqtisodiy o‘sish manbalari asta-sekin tugab bormoqda, yangi o‘sish manbalari esa hali to‘liq shakllanmagan. Shu sababli u iqtisodiy turg‘unlikning oldini olish uchun raqamli iqtisodiyotga o‘tish zarurligini ta’kidlagan.
“Ekspertlar fikriga qo‘shilish kerak – Qozog‘iston klassik “o‘rta daromad tuzog‘i”ga tushib qoldi. Bu holatda an’anaviy o‘sish manbalari – resurslar va arzon ishchi kuchi tugash arafasida, yangi manbalar esa hali to‘liq shakllanmagan va ishga tushmagan. Iqtisodiy turg‘unlikning oldini olish uchun raqamli iqtisodiyotga o‘tish va yirik platformaviy yechimlar yaratish kerak”, degan To‘qayev.
Davlat rahbari yagona davlat ma’lumotlar tizimisiz sun’iy intellekt samarali ishlay olmasligini ta’kidlagan.
“Shu sababli davlat xizmatlarini ortiqcha byurokratiyani yo‘q qiladigan, ko‘rinmas lekin juda samarali operatsion tizimga aylantirish kerak. Hozirgi tizimda ariza berishdan qaror qabul qilishgacha bo‘lgan jarayon bir necha kun yoki haftalarni oladi. Ideal holatda bu jarayon bir necha soniyaga tushishi kerak, bu esa butun mamlakat bo‘yicha iqtisodiy aylanishni keskin tezlashtiradi”, degan u.
To‘qayev, shuningdek, jahon laboratoriyalari ma’lumotlariga ko‘ra, rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlar o‘rtasidagi farq tez kengayayotganini ta’kidlagan.
“Sun’iy intellekt kapital va texnologiyalarni dunyoning yetakchi davlatlari qo‘liga jamlayapti va bu “texnologik tafovut”ni kuchaytirmoqda. Buni faqat vaqtida va qat’iy tartibga solish orqali bartaraf etish mumkin. Qozog‘iston uchun bu muhim signal. Biz vaziyatni chuqur o‘rganib, real intellektual yechimlar ishlab chiqish imkoniyatlarimizni aniqlashimiz kerak”, degan Prezident.
Eslatib o‘tamiz, 2026 yilda Qozog‘istonda yangi formatdagi texnologik oliygoh – Sun’iy intellekt universiteti ochilishi xabar qilingandi.
Live
Barchasi