Qozog‘iston Ukrainaga gumanitar yordam jo‘natdi
Olam
−
14 mart 2022
6786Bugun, 14 mart kuni ertalab Olma-ota aeroportidan Ukrainaga Qozog‘istondan insonparvarlik yordami jo‘natildi. Bu haqda “Tengrinews” nashri xabar berdi.
Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti ko‘rsatmasi bilan Qozog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Ukrainaga insonparvarlik yordami tayyorlagan. Qozog‘iston Respublikasi hukumati huzuridagi Xalqaro gumanitar yordam komissiyasi Ukraina aholisiga tibbiy preparatlar partiyasini ajratgan.
Gumanitar yuk ortilgan samolyot Olma-ota –Katovitse (Polsha) yo‘nalishi bo‘yicha parvoz qildi. Yordam yuki Air Astana aviakompaniyasining Boeing 767 samolyotida yetkaziladi.
Avtomatlashtirilgan yuklagich yordamida aeroport xodimlari bor-yo‘g‘i 20 daqiqa ichida har birining og‘irligi bir necha tonna bo‘lgan to‘rtta konteyner dori-darmonlarni samolyotning yuk bo‘limiga joylashtirgan. Gumanitar yordamning umumiy og‘irligi 28,2 tonnani tashkil etadi va 17 turdagi dori vositalari: antibiotiklar, yallig‘lanishga qarshi, yo‘talga qarshi va antigipertenziv dorilardan iborat. Yuk 14 va 15 mart kunlari ikkita reysda jo‘natiladi.
Yuboruvchi tomon vakilining so‘zlariga ko‘ra, yuk juda tez, bir necha kun ichida yig‘ilgan. Dori-darmonlarni saqlash uchun maxsus sharoit talab qilinmaydi.
Avvalroq Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev mamlakat Ukraina fuqarolariga dori-darmon va boshqa zarur mahsulotlar bilan gumanitar yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini ma’lum qilgandi.
LiveBarchasi