Qozog‘istonda suv ombori to‘g‘oni yorildi

Olam

image

Qozog‘istonning janubi-sharqida, Olma-ota viloyatida Knijevsk suv ombori to‘g‘oniga shikast yetdi. Bu haqda “Kazinform” Qozog‘iston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligiga tayanib, xabar bermoqda.

“21 noyabr kuni soat 23:13 da Olma-ota viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga Olmaota viloyati, Jambil tumani, Minbayevo qishlog‘i yaqinida Knijevsk suv ombori to‘g‘onining o‘pirilishi sodir bo‘lgani, teshikning kengligi 5-6 metrni tashkil etishi haqida xabar kelib tushdi”, degan vazirlik vakili.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, suv ombori 4,47 million kub metr suvga mo‘ljallangan bo‘lib, hozirda u 50 foizga to‘lgan. Oqib chiqayotgan suvning taxminiy hajmi sekundiga 30 kub metrni tashkil qiladi.

“O‘pirilishdan so‘ng suv Qarg‘ali daryosi oqimiga quyiladi va keyin Ili tumanidagi Kurta suv omboriga quyiladi”, deyilgan FVV xabarida.

Qayd etilishicha, ayni paytda Kurta suv ombori 14 foizga to‘lgan, gidroinshoot sig‘imi 120 million kub metrni tashkil etadi.

“Hodisa oqibatida qurbonlar va jarohatlanganlar yo‘q, shuningdek, turar-joy binolarini ham suv bosmagan, faqatgina Minbayeva-Qosimbek mintaqaviy avtomobil yo‘lidan suv oqib o‘tgan”, deya qo‘shimcha qilgan vazirlik vakili.

Yo‘lda harakatni cheklash uchun politsiya postlari o‘rnatilgan. Qarg‘ali daryosi oqimi bo‘ylab aylanma yo‘l ochilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston suv ombori

Baholaganlar

2416

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing