Qozog‘iston SHHTga a’zo davlatlar energetika tizimlarini bog‘lashni taklif qildi
Olam
−
04 Oktabr 2023 4019 2 daqiqa
Qozog‘iston Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) makonida energiya tizimlarini birlashtirish istiqbollarini o‘rganishni taklif qilmoqda. Bu haqda Qozog‘iston Energetika vaziri Almasadam Satkaliyev bugun, 4 oktyabr kuni Ostonada bo‘lib o‘tgan SHHT energiya forumi chog‘ida aytib o‘tdi.
“Biz SHHT makonida elektr energetika infratuzilmasini o‘zaro bog‘lash imkoniyatlarini, jumladan, tizimlarimizning parallel rejimda ishlashini, shu jumladan SHHT davlatlarini maksimal darajada jalb etish imkoniyatlarini o‘rganishdan manfaatdormiz”, deydi Satkaliyev.
Shuningdek, u SHHTda hamkorlikning “energiya jamg‘arish va saqlash texnologiyalari, intellektual energiya tizimi elementlarini va aqlli elektr tarmoqlarini joriy etish” kabi ilg‘or yo‘nalishlarini birgalikda o‘rganishni taklif qilgan.
Energetika vazirligi rahbari SHHTda uzluksiz elektr ta’minoti va energiya xavfsizligini ta’minlash maqsadida Qozog‘iston ham ishlab chiqaruvchi stansiyalarni modernizatsiya va rekonstruksiya qilishga sarmoya kiritish masalasini ko‘rib chiqishdan manfaatdor ekanini bildirgan.
“Shu munosabat bilan mamlakatimizda elektr va issiqlik energetikasini rivojlantirishga qaratilgan qator islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha faol ish olib borilmoqda”, deydi Satkaliyev.
Ma’lumot uchun, Shanxay hamkorlik tashkiloti 2001 yil 15 iyunda Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston rahbarlari tomonidan tashkil etilgan xalqaro tashkilotdir.
2017 yil 9 iyunda Hindiston va Pokiston SHHTga to‘laqonli a’zo bo‘ldi, 2022 yil 16 sentyabrda esa SHHT yetakchilari Eronning qabul qilinishini tasdiqladilar. O‘sha kuni Belarusga to‘liq a’zolikni berish jarayoni boshlangani e’lon qilindi, u ayni paytda tashkilotda kuzatuvchi maqomida qolmoqda.
SHHT davlatlarining umumiy hududi 35 million km² dan ortiq, ya’ni Yevrosiyo hududining 65% ni tashkil qiladi. SHHT davlatlarining umumiy aholisi taxminan 3,5 milliard kishi (2022), bu sayyora aholisining yarmi.
Live
Barchasi