Qozog‘iston Rossiyaga qarshi sanksiyalarga amal qiladi – To‘qayev

Olam

image

Kecha, 28 sentyabr kuni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Germaniya kansleri Olaf Shols bilan uchrashuvdan so‘ng o‘tkazgan matbuot anjumanida Ostonaning Rossiyaga qarshi sanksiyalarga rioya qilishi masalasini ko‘tardi. Bu haqda To‘qayevning matbuot xizmati xabar berdi.

Qozog‘iston Prezidenti va Germaniya kanslerining qo‘shma matbuot anjumanida OAV vakillari To‘qayevga Qozog‘istonning Rossiya bilan munosabatlari, Ukraina atrofidagi mojaroga munosabati va sanksiyalarga rioya qilishi haqida savol bergan.

“Haqiqatan ham Qozog‘iston va Rossiya dunyodagi eng uzun quruqlik chegarasiga ega. Bizda hamkorlik an’analari bor, xoh u savdo, xoh gumanitar aloqalar bo‘lsin. 2013 yilda mamlakatlarimiz o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma imzolangan. Ukraina mojarosiga kelsak, Qozog‘iston harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatish, BMT Nizomi asosida tinchlik muzokaralarini o‘tkazish tarafdori. Bugun men muhtaram janob kanslerga vaziyat juda jiddiy ekanini aytdim. Rossiya tomoni ham, Ukraina tomoni ham muzokaralarga tayyor ekanini da’vo qilmoqda, ammo muzokaralar platformasi nihoyatda noaniq. Shunday ekan oqilona, mantiqiy, men aytgan bo‘lardimki, dono diplomatiya davri keldi. O‘zaro ayblovlarni to‘xtatish kerak. Tinchlik muzokaralari uchun har ikki tomon uchun maqbul asos topish kerak. Qozog‘iston Ukraina mojarosini hal qilishning muayyan variantlarini taklif qilayotgan tegishli davlat va davlatlar guruhlarining barcha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi va biz o‘z navbatida barcha zarur shartlarni qo‘llaymiz”, degan Prezident. 

Shuningdek, To‘qayev Qozog‘istonda Rossiya tomonidan hududiy da’volar bo‘yicha hech qanday xavotir yo‘qligiga ishontirgan.  

“Qozog‘iston va Rossiya o‘rtasidagi chegaraga kelsak, u o‘z vaqtida delimitatsiya va demarkatsiya qilingan, ikki davlat parlamentlari tomonidan tasdiqlangan va ratifikatsiya qilingan. Shuning uchun bizda Rossiya tomonidan hududiy da’volar bo‘yicha hech qanday xavotir yo‘q. Biz ikki tomonlama asosda, shuningdek, tegishli integratsiya birlashmalari doirasida muntazam do‘stona aloqalarni davom ettiramiz”, degan Qozog‘iston rahbari. 

Prezident Rossiyaga qarshi sanksiyalar va ularga rioya qilish masalasiga ham to‘xtalgan. 

“Sanksiyalarni chetlab o‘tish mumkin bo‘lgan holatlarga kelsak, Qozog‘iston sanksiya rejimiga amal qilishini aniq ma’lum qildi. Sanksiya rejimiga rioya qilish uchun tegishli tashkilotlar bilan aloqalar mavjud. Menimcha, Germaniya tomonida sanksiyalar rejimini chetlab o‘tishga qaratilgan harakatlar yuzasidan xavotir bo‘lmasligi kerak”, deya takidlagan Prezident To‘qayev.

Ma’lumot uchun, kecha, 28 sentyabr kuni To‘qayev Germaniyaga rasmiy tashrif bilan borgan. U yerda federal kansler Olaf Shols bilan tet-a-tet formatida muzokaralar olib borgan. Muzokaralar chog‘ida tomonlar ikki tomonlama munosabatlar jadal rivojlanayotganini qayd etib, Qozog‘iston-Germaniya munosabatlarini yanada har tomonlama mustahkamlashga o‘zaro intilishlarini tasdiqladi. Shundan so‘ng davlat rahbarlarining kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Davlat rahbarlari, jumladan, viza tartibini muhokama qildi, kansler Shols Germaniya tomoni Qozog‘iston bilan har tomonlama hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 29 sentyabr kuni Berlinda Markaziy Osiyo davlatlari Prezidentlari va Germaniya kanslerining birinchi sammiti bo‘lishi kutilmoqda. Kecha, 28 sentyabr kuni mazkur tadbirda qatnashish uchun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Germaniyaga jo‘nab ketdi.


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya Rossiya Qozog'iston sanktsiya Qosim-Jomart To'qaev Olaf Shol'ts

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing