Qozog‘iston Markaziy Osiyoda ilk bor uchar taksini sinovdan o‘tkazdi (video)

Olam

image

Kecha, 19 may kuni Olmaota yaqinidagi Olatau shahrida shahar havo mobilligining yangi davrini boshlab beruvchi aerotaksi – eVTOL’ning ilk sinov parvozi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Bizmedia.kz” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Qozog‘iston Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib aerotaksi, yetkazib beruvchi dronlar va raqamli navigatsiyadan foydalanishni yo‘lga qo‘ymoqchi. Aynan Olatau shahrida vertikal uchish va qo‘nishga mo‘ljallangan maxsus qurilma – eVTOL’ning ilk parvozi amalga oshirilgan.

Mazkur loyiha Qozog‘istonning “Alatau Advance Air Group Ltd.” (AAAG) kompaniyasi tomonidan AQSH, Xitoy, Janubiy Koreya va Italiyadan bo‘lgan hamkorlar bilan birgalikda amalga oshirilmoqda. Umumiy investitsiya hajmi 300 million AQSH dollariga baholanmoqda.

Namoyishdagi asosiy voqea “AutoFlight Prosperity” yo‘lovchi apparatining parvozi bo‘lgan. U bir uchuvchi va besh nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan bo‘lib, 13 ta elektromotor bilan jihozlangan. Uchar taksining tezligi soatiga 200 kilometrga yetadi va bir marta quvvatlanishda 200 km masofani bosib o‘ta oladi. Ilk sinov xalqaro xavfsizlik talablari asosida, bortda odamlarsiz o‘tkazilgan. Taqqoslash uchun, bu ko‘rsatkich O‘zbekistonda keng tarqalgan BMW avtomobillarining yo‘ldagi o‘rtacha tezligi va masofasiga yaqin, lekin farqi shundaki, uchar taksi yo‘l tirbandligidan qat’i nazar, havoda to‘g‘ridan to‘g‘ri harakatlanadi.

Shuningdek, taqdimotda Keeta Drone (Xitoy) va A2Z (AQSH) kompaniyalarining yuk tashuvchi dronlari ham namoyish etilgan. Ular koreyalik va xitoylik ishlab chiquvchilar tomonidan yaratilgan UATM platformasi orqali boshqariladi. Mutaxassislarga ko‘ra, yaqin o‘n yil ichida osmonda uchish ommaviylashadi.

Ma’lumot o‘rnida, ushbu eVTOL apparatlarning uchishi, qo‘nishi va quvvatlanishi uchun mo‘ljallangan maydon – vertiport qurilishi allaqachon boshlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahriga 300 ta Svitchblade rusumidagi uchar taksilar olib kelinishi rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.

Shabnam Radjabova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Qozog'iston uchar taksi aerotaksi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing