Qozog‘iston ko‘ngilli mudofaa polklarini tuzishni boshladi
Olam
−
11 iyun 7037 2 daqiqa
Qozog‘istonda hududiy mudofaa kuchlarini shakllantirish rasman boshlandi. Bu haqda Prezident Qosim-Jomart To‘qayev va mamlakat oliy harbiy rahbariyatining uchrashuvida ma’lum qilindi.
Davlat rahbari hududiy mudofaa, shuningdek, maxsus operativ qo‘shinlarni rivojlantirish milliy xavfsizlik sohasidagi ustuvor vazifalardan biri ekanini alohida ta’kidladi.
Yangi tuzilmalarni yaratish uchun joriy yilning aprel oyida parlament quyi palatasi tomonidan qabul qilingan qonun asos bo‘ldi. Mazkur hujjatga ko‘ra, hududiy mudofaa ixtiyoriylik asosida shakllantiriladi. Yangi bo‘linmalarning vazifalari aholi punktlari va strategik ob’ektlarni muhofaza qilish, istehkomlar qurish, aholini evakuatsiya qilish, shuningdek, inqiroz holatlarida ichki barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan boshqa tadbirlarni o‘z ichiga oladi.
Alohida hududiy mudofaa bo‘linmalari zarur hollarda Qozog‘istonning muntazam Qurolli kuchlari tarkibiga kiritilishi va jangovar harakatlarga jalb etilishi mumkin.
Prezident To‘qayevning so‘zlariga ko‘ra, hududiy mudofaa qo‘shinlarini tashkil etish hozirgi geosiyosiy vaziyat chaqiriqlariga javob beradi va mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlashga xizmat qiladi. Shuningdek, yangi tuzilmaning samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun kadrlar tayyorlash va infratuzilma muhimligini ta’kidladi.
Qozog‘iston Mudofaa vazirligi tashkiliy va shtat tuzilmasini ishlab chiqish, shuningdek, ko‘ngillilarni yollash va o‘qitishni allaqachon boshlab yuborgan. Dastlabki hududiy mudofaa bo‘linmalari yaqin oylarda to‘laqonli ishga kirishishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Mudofaa vaziri Ruslan Jaqsiliqovni lavozimidan ozod qilib, uning o‘rniga Dauren Kosanovni tayinlagandi.