Ozarbayjon harbiylari Qozog‘istonda rus tilida ta’lim olishdan voz kechdi (video)
Olam
−
02 iyun 8539 1 daqiqa
Ozarbayjonlik harbiy xizmatchilar Qozog‘iston Mudofaa milliy universitetida o‘qishni rus tilida emas, balki qozoq tilida davom ettirish istagini bildirdi. Bu haqda ushbu universitetning boshlig‘i, general-mayor Asqar Mustabekov ma’lum qildi.
Uning aytishicha, tayyorgarlik kurslariga kelgan xorijlik harbiylar avvaliga rus tili kursidan o‘tadi. Shundan so‘ng harbiy tayyorgarlik boshlanadi.
Biroq, Ozarbayjondan kelgan askarlar bunga rad javobini berib, qozoq tilida o‘qitmoqchi ekanini aytgan. Universitet rahbari bu qarordan hayratda qolgan.
“Ozarbayjonda ular azari, turk yoki ingliz tillarida ta’lim oladi. Shu sababli ular bizning universitetda o‘qishni qozoq tilida olib borishni xohladi”, degan Mustabekov.
Mustabekovning aytishicha, joriy yil 1 sentyabrdan boshlab universitetda qozoq tili kurslari ochiladi.
“Avval ular qozoq tilini o‘rganadi. Kurslar 9 oy davom etadi”, deya ta’kidlagan general.
Shuningdek, Mustabekov ushbu kurslar universitetdagi rus tili kurslari tajribasi asosida tuzilishini qo‘shimcha qilgan.
“Xitoy, Fransiya va Hindistondan kelgan ofitserlar universitetda dastlab rus tilini o‘rganib, shundan so‘ng ta’lim oladi”, degan u.
Ma’lumot uchun, hozirgi vaqtda Qozog‘iston Mudofaa milliy universitetida KXSHT (Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti) a’zo mamlakatlaridan kelgan harbiy xizmatchilar tahsil olmoqda. Ularga harbiy fanlar rus tilida o‘qitiladi.
Live
Barchasi