Qozog‘iston xorijliklar uchun benzin va dizel yoqilg‘isi narxini oshirishi mumkin
Olam
−
13 aprel
2598Qozog‘iston xorijiy fuqarolar uchun benzin va dizel yoqilg‘isi narxlarini oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda mamlakat Energetika vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan loyihada keltirilgan.
Ichki bozorda yoqilg‘i balansini saqlash, shuningdek, neft mahsulotlari oqimi va “kulrang” eksport xavfini minimallashtirish maqsadida Qozog‘iston Respublikasi Energetika vazirligi AI-92, AI-93 rusumli benzin va dizel yoqilg‘isi uchun iste’mol hajmi va transport vositalarining kelib chiqishiga qarab yangilangan narxlar ko‘rsatilgan buyruq loyihasini tayyorlagan.
Qayd etilishicha, hozirgi vaqtda narxlarni davlat tomonidan tartibga solish tufayli Qozog‘iston Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi mamlakatlari orasida yoqilg‘i-moylash materiallarining narxi eng past bo‘lgan mamlakat bo‘lib, bu neft mahsulotlarining boshqa mamlakatlarga tarqalishi va “kulrang” eksporti xavfining yuqoriligiga olib keladi.
Buyruq loyihasida AI-92 va AI-93 benzinining narxi litri uchun 245 tenge etib belgilanishi ko‘zda tutilgan.
Qozog‘iston Respublikasida berilgan haydovchilik guvohnomasi taqdim etilganda, kuniga 100 litrgacha bo‘lgan hajmda, narx o‘zgarishsiz qoladi – 1 litri uchun 205 tenge.
Hujjatda dizel yoqilg‘isi narxi (yozgi, mavsumdan tashqari) litri uchun 315 tenge bo‘lishi nazarda tutilgan.
Yakuniy qaror manfaatdor tomonlarning takliflarini inobatga olgan holda barcha tartib-qoidalar bajarilgandan keyin qabul qilinadi.
LiveBarchasi