Qozog‘iston “katta og‘a”ni chetlab, Ozarbayjon orqali neft sotmoqchi

Olam

image

Qozog‘iston Ozarbayjon bilan Qozog‘iston neftini tashish yo‘llarini muhokama qilmoqda. Bu haqda bugun, 25 avgust kuni bo‘lib o‘tgan brifingda Qozog‘istonning “Kazmunagaz” milliy kompaniyasi (KMG) boshqaruvi raisining iqtisodiyot va moliya bo‘yicha o‘rinbosari Dauren Karabayev ma’lum qildi.

“Ozarbayjon tomoni bilan Qozog‘iston neftini tashish ehtimoli bo‘yicha muzokaralar turli darajalarda, jumladan, davlat va milliy kompaniyalar darajasida olib borilmoqda. Tafsilotlarni hali kelishib olish kerak. Ozarbayjon tomoni bilan kelishuvga erishilgandan keyin batafsilroq xabar beramiz”, deydi u.

Karabayevning eslatishicha, Ozarbayjonda ikkita neft quvuri bor: Baku-Tbilisi-Jeyhan va Baku-Supsa, “bulardan Qozog‘iston neftini tashish uchun foydalanish mumkin”.

12 avgust kuni “Reuters” agentligi Qozog‘iston o‘z neftining bir qismini Rossiyani chetlab o‘tib, Ozarbayjon quvurlari orqali Yevropaga yetkazib berish va sotish niyatida ekanini xabar qildi. Agentlik manbasiga ko‘ra, “KazMunayGaz” Ozarbayjonning SOCAR davlat neft kompaniyasi bilan neft yetkazib berish bo‘yicha dastlabki muzokaralar olib bormoqda. Qozog‘iston tomoni Ozarbayjonning Baku-Tbilisi- Jeyhan neft quvuri orqali yiliga 1,5 million tonna yoqilg‘i sotishni rejalashtirgan. Agentlik suhbatdoshining qayd etishicha, tomonlar neftni tashish bo‘yicha yakuniy shartnomani avgust oyi oxirida imzolash niyatida, yetkazib berish esa kuzda boshlanadi. Qozog‘iston 2023 yildan boshlab Ozarbayjoning Gruziyadan o‘tadigan yana bir Baku-Supsa quvuri orqali yiliga 3,5 million tonna neft yetkazib berishni rejalashtiryapti.

O‘sha kuni Qozog‘iston Energetika vaziri Bolat Akchulakov uning departamenti yaqin kelajakda Ozarbayjon quvurlari orqali neft yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolash niyatida emasligini, biroq bunday imkoniyat muhokama qilinayotganini aytdi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 7 iyul kuni Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Qozog‘iston Rossiyani chetlab o‘tib, Kaspiy dengizdan Yevropaga o‘tadigan neft tranziti tashkil etishi haqida maxsus topshiriq bergandi.


Maqola muallifi

Teglar

neft' Qozog'iston-Ozarbayjon

Baholaganlar

129

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing