BMT urushlar va qimmat neft sababli yangi narx shokidan ogohlantirdi

Bu qiziq

−

image

Qurolli mojarolar, neft narxining oshishi va xalqaro savdodagi beqarorlik tufayli jahon iqtisodiyotiga yangi narx silkinishi xavf solmoqda. Ayniqsa, yonilg‘i va oziq-ovqat importiga qaram bo‘lgan rivojlanayotgan mamlakatlar jiddiy oqibatlarni his qilishi mumkin. Bu haqda BMTning Savdo va rivojlanish bo‘yicha konferensiyasi (YUNKTAD) tomonidan 9 oktyabr kuni e’lon qilingan “Trade and Development Report 2026” ma’ruzasida aytiladi.

BMT ekspertlarining baholashicha, Yaqin Sharqdagi mojaro energetika bozorida allaqachon jiddiy silkinishlarga olib keldi. Eskalatsiya boshlanganidan keyingi dastlabki haftalarda Brent markali neft narxi bir barrel uchun taxminan 70 dollardan 110 dollardan ziyodgacha ko‘tarildi.

Energiya resurslarining yuqori narxi tovarlarni ishlab chiqarish, tashish va yetkazib berish xarajatlarini oshiradi. Oqibatda nafaqat benzin va dizel yonilg‘isi, balki oziq-ovqat mahsulotlari, o‘g‘itlar va boshqa mahsulotlar ham qimmatlashadi. Eng zaif qatlam sifatida kam ta’minlangan uy xo‘jaliklari va energiya resurslarining salmoqli qismini xorijdan sotib olishga majbur bo‘lgan davlatlar qoladi.

YUNKTAD tahlilchilari energetik inqiroz kreditlarning qimmatlashishi va moliyaviy bozorlar beqarorligining ortishi bilan kechayotganidan ogohlantiradi. Yaqin Sharqdagi mojaro boshlanganidan beri xalqaro kapital oqimlarining tebranishi ikki baravarga ortgan.

Bir vaqtning o‘zida jahon iqtisodiyotining istiqboli ham yomonlashmoqda. BMT prognoziga ko‘ra, 2026 yilda global YAIM (yalpi ichki mahsulot) 2025 yildagi 2,9 foizga nisbatan atigi 2,6 foizga o‘sadi. Rivojlanayotgan mamlakatlar iqtisodiyotining o‘sish sur’ati esa 4,7 foizdan 4 foizgacha sekinlashadi.

Tavakkalchilikning yana bir omili sifatida jahon savdosining qayta shakllanishi ko‘rilmoqda. Davlatlar o‘z manfaatlarini himoya qilish uchun savdo cheklovlari, eksport nazorati va investitsiya siyosatidan tobora ko‘proq foydalanmoqda. Bu esa texnologiyalar, xomashyo va xalqaro bozorlarga chiqishni murakkablashtiradi.

YUNKTAD xavf-xatarlarni kamaytirish uchun davlatlar energiya ta’minoti manbalarini diversifikatsiya qilishi, qayta tiklanadigan energetikani rivojlantirishi va import qilinadigan yoqilg‘iga qaramlikni kamaytirishi zarur, deb hisoblaydi. Tashkilotning baholashicha, energiya ta’minoti va yetkazib berishdagi muammolarni bartaraf etish taklif tanqisligi tufayli kelib chiqqan inflyatsiyaga qarshi kurashda pul-kredit siyosatini umumiy qat’iylashtirishga qaraganda samaraliroq bo‘lishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq jahon iqtisodiyoti texnologiyalar, investitsiyalar va xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyati davlatlarning siyosiy ta’siriga tobora ko‘proq bog‘liq bo‘lib qoladigan davrga qadam qo‘yayotgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing