Qozog‘iston futbol federatsiyasiga yangi prezident saylandi
Sport
−
20 dekabr
937Qozog‘iston futbol federatsiyasining navbatdan tashqari XXVII konferensiyasida Marat Omarov tashkilotning yangi prezidenti etib saylandi. Bu haqda “Sports.kz” xabar berdi.
Omarov 34 ta ovoz olib, futbol funksioneri Oltoy Daumov (2) va sport jurnalisti Erbol Qayirovni (0) ortda qoldirdi.
Saylov arafasida yana uch kishi o‘z nomzodini qaytarib oldi. Ular orasida futbol bo‘yicha Qozog‘iston terma jamoasining sobiq darvozaboni, hozirda deputat maslahatchisi David Loria ham bor.
36 yoshli Marat Omarov Qozog‘iston Respublikasi Raqobatni himoya qilish va rivojlantirish agentligi raisi lavozimida ham faoliyat olib boradi. U “Bolashak” bitiruvchisi, York universitetining falsafa, siyosatshunoslik va iqtisod fakulteti hamda London iqtisodiyot va siyosatshunoslik maktabini tamomlagan.
Omarov o‘z faoliyati davomida turli lavozimlarda ishlagan, jumladan, Iqtisodiy rivojlanish va savdo vaziri maslahatchisi, “Kazaktelekom” AK boshqaruvchi direktori va “Bayterek” milliy xoldingi AK boshqaruvchi direktori – boshqaruv a’zosi.