Qozog‘iston falastinliklarga yordam uchun 1 mln dollar ajratadi
Olam
−
03 noyabr 2023
2792Qozog‘iston hukumati Falastin xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatish uchun 1 million dollar ajratadi. Bu haqda bugun, 3 noyabr kuni Ostonada bo‘lib o‘tayotgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida respublika Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev ma’lum qildi.
"Tezkor vazifa vositachilik rolini oshirishdan iborat. Hozir atrofimizda murakkab vaziyat yuzaga kelmoqda. Shimolda Rossiya va Ukraina o‘rtasida, Yaqin Sharqda Isroil va Falastin o‘rtasida ziddiyat davom etmoqda. Afg‘onistonda beqarorlik hukm surmoqda. G‘arbda noqonuniy migratsiya muammosi og‘irlashmoqda. Bugungi kunda G‘azo sektorida tinch aholi, ayniqsa, bolalar va qariyalar qarama-qarshiliklari qurboniga aylanmoqda. Asosiy vazifa ularning xavfsizligini ta’minlashdir. Shu munosabat bilan men Falastin xalqiga 1 mln AQSH dollari miqdorida gumanitar yordam ko‘rsatishga qaror qildim”, degan Qozog‘iston rahbari.
Uning ta’kidlashicha, o‘nlab yillar davomida hal etilmagan dolzarb muammolarni zo‘ravonlik va terroristik harakatlar orqali hal etishni mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydi.
"Qozog‘iston bunday usullarni keskin qoralaydi. Vaziyatning keskinlashuvi jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shu munosabat bilan biz har qanday nizolarni faqat tinch muzokaralar va diplomatik muloqotlar yo‘li bilan hal qilishga chaqiramiz. Biz uchun barcha davlatlarning hududiy yaxlitligini saqlash va ularning ichki ishlariga aralashmaslik asosiy ustuvor vazifalardir. BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalarini qat’iy amalga oshirish, xalqaro huquq normalariga rioya qilish muhim”, degan To‘qayev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, turkiy davlatlarning xavf va tahdidlarga qarshi kurashishda birlashishi, o‘zaro yordam ko‘rsatishi va birgalikda samarali choralar ko‘rishi har qachongidan ham ahamiyatli.
“Sammit yakunlari bo‘yicha muhim qarorlar qabul qilinishi, qator hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan .Bu chora-tadbirlarning barchasi turkiy dunyoning yanada gullab-yashnashi, mamlakatlarimiz birligini mustahkamlashga qaratilgan. Ishonchim komilki, ular mintaqada o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga katta hissa qo‘shish va tashkilot nufuzini yanada oshirishdagi ishlarimizni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi”, deya qo‘shimcha qilgan Qozog‘iston Prezidenti.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 31 oktyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Falastin xalqi tomonida ekanini aytgandi. 1 noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Falastinlik qochqinlarga yordam berish va ishlarni tashkil etish bo‘yicha Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yaqin Sharq agentligiga gumanitar yordam ajratish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra yordam uchun 1,5 million AQSH dollari ajratilishi belgilandi.
LiveBarchasi