Qozog‘iston Eron uranini qabul qilishi mumkin
Olam
−
11:17 2967 2 daqiqa
Qozog‘iston Eron yadro dasturi bo‘yicha AQSH va Eron o‘rtasida kelishuvga erishilgan taqdirda, Eronning uran zaxiralarini qabul qilishga tayyorligini bildirgan. Bu haqda Xalqaro atom energiyasi agentligi bosh direktori Rafael Grossi “Financial Times” nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Grossining aytishicha, bunday tayyorlik uning shu hafta Qozog‘iston rahbariyati bilan uchrashuvi chog‘ida bildirilgan.
Qozog‘istonning O‘skemen shahrida Xalqaro atom energiyasi agentligi nazorati ostidagi past boyitilgan uran banki joylashgan. Ushbu zaxira agentlikka a’zo davlatlar uchun favqulodda holatlar uchun yaratilgan.
“Uranni xavfsiz saqlash mumkin bo‘lgan joy mavjud”, degan Grossi.
Uning fikricha, bu variant ham AQSH, ham Eron uchun maqbul bo‘lishi mumkin.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Eronning boyitilgan urani taqdiri Vashington va Tehron o‘rtasidagi muzokaralarning eng murakkab masalalaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Taxminlarga ko‘ra, 2025 yil iyun oyida AQSH zarbalaridan keyin Natanz yadroviy inshooti, Fordov yoqilg‘isini boyitish zavodi va Isfahondagi yadro ob’ektlari vayronalari ostida 60 foizgacha boyitilgan qariyb 440 kilogramm uran qolgan.
Tehron esa hozircha uran zaxiralarini chet davlatga topshirish niyatida emasligini ma’lum qilgan. Biroq manbalarga ko‘ra, ehtimoliy kelishuv doirasida uranni suyultirish yoki uchinchi davlatga ko‘chirish masalasi muhokama qilinishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bilan ehtimoliy kelishuv qanday shartlar asosida tuzilishi mumkinligini ma’lum qilgandi.
Tramp ilgari surgan asosiy talablar:
- Eron yadro quroliga ega bo‘lmasligini rasman tasdiqlashi kerak;
- Hormuz bo‘g‘ozidagi barcha dengiz minalari bartaraf etilishi lozim;
- Bo‘g‘ozda qolib ketgan kemalar erkin harakatlana olishi kerak;
- Eronning boyitilgan urani AQSH, Eron hukumati va Xalqaro atom energiyasi agentligi hamkorligida olib chiqilib, yo‘q qilinishi kerak;
- Alohida qaror qabul qilinmaguncha tomonlar o‘rtasida pul almashinuvi amalga oshirilmaydi.
Live
Barchasi