Qozog‘iston Embraer 190 “qora quti”si ma’lumotlarini Rossiya va Ozarbayjonga topshirdi
Olam
−
14:57
6971Qozog‘iston Ozarbayjon aviakompaniyasiga tegishli Embraer 190 samolyoti halokati bo‘yicha "qora quti" ma’lumotlarini dekodlashni tugatib, ularni Rossiya va Ozarbayjonga taqdim etdi. Bu haqda Qozog‘iston Bosh vazir o‘rinbosari, aviatsiya halokatini o‘rganish komissiyasi rahbari Qanat Bozumbayev ma’lum qildi.
“Qora quti"lar dekodlandi va Qozog‘istonga qaytarildi. Ular Bosh prokuratura huzuridagi tergov guruhi tasarrufida. Bu ma’lumot ustida barcha ekspertlar ishlamoqda. Hozirda "qora quti"lar nusxalari Ozarbayjon va Rossiya tomonlarida mavjud. Bizda yashiradigan hech narsa yo‘q”, dedi Bozumbayev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, internetda tarqalgan "qora quti" ma’lumotlari mazmuni asl nusxadan farq qiladi. Bozumbayevning qo‘shimcha qilishicha, samolyot halokati bo‘yicha dastlabki hisobot kelasi hafta e’lon qilinishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonning Aqtau shahri yaqinida halokatga uchragan Embraer 190 samolyoti uchuvchilari o‘rtasidagi suhbatlarning to‘liq stenogrammasi rus OAVlari, xususan, “Baza“ Telegram kanalida e’lon qilingandi. Biroq Qozog‘iston Transport vazirligi esa internetda paydo bo‘lgan suhbatlar stenogrammasiga izoh bermasligini bildirdi.
Embraer 190 samolyotining qulashi
25 dekabr kuni Azerbaijan Airlines aviakompaniyasining Baku-Grozniy yo‘nalishidagi samolyoti halokatga uchradi. Samolyotda 62 nafar yo‘lovchi va besh nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Samolyot qulashida 38 kishi halok bo‘ldi, 29 kishi omon qoldi.
Dastlab samolyotning halokatiga qushlar galasi bilan to‘qnashib ketgani sabab bo‘lgani aytilgan edi. Keyinroq “Euronews” Ozarbayjon hukumatidagi manbalariga tayanib, ushbu aviahalokat Rossiya tomonidan uchirilgan yer-havo sinfidagi raketa tufayli sodir bo‘lganini e’lon qildi. Shuningdek, AZAL Embraer 190 samolyoti halokatining dastlabki sababi sifatida tashqi jismoniy va texnik ta’sirlarni ko‘rsatdi.
Ozarbayjonning Raqamli rivojlanish va transport vaziri Rashod Nabiyev ham samolyot halokatiga “tashqi aralashuv” sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini aytdi. AQSH ham laynerning qulashida Rossiyaning havo hujumidan mudofaa tizimlarining ta’sirini ta’kidlamoqda.
Ozarbayjon parlamenti deputati Rasim Musabekov Rossiya tomoni Azerbaijan Airlines fuqarolik samolyotini havo hujumidan mudofaa raketasi bilan urib tushirgani uchun uzr so‘rashi kerakligini aytdi. Keyinchalik Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ozarbayjon yetakchisidan 2 marta kechirim so‘raganini ma’lum qildi.
Checheniston hukumati esa Ramzan Qodirovning topshirig‘i bilan Baku-Grozniy yo‘nalishidagi AZAL aviakompaniyasiga tegishli samolyot halokati oqibatida vafot etgan va jabrlanganlarning oilalariga moliyaviy va boshqa yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirdi. Lekin, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning ma’muriyati hech qanday yordamga muhtoj emasligini va bunday yordamni qabul qilmasligini ma’lum qildi.