Qozog‘iston elchisi Nazarboyev qayerda ekanini aytdi
Olam
−
12 yanvar 2022
27556Qozog‘istonning sobiq Prezidenti Nursulton Nazarboyev ayni damda Respublika poytaxtida. Bu haqda Qozog‘istonning Ozarbayjondagi elchisi Serjan Abdikarimov ma’lum qildi.
“Nazarboyev Qozog‘iston poytaxtida. U do‘st davlatlar rahbarlari bilan bir necha bor telefon orqali muloqot qilgan va Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bilan doimiy aloqada. U vaziyatni kuzatmoqda”, degan Abdikarimov bugun, 12 yanvar kuni Bakuda o‘tkazilgan matbuot anjumanida.
Eslatib o‘tamiz, Nazarboyev matbuot xizmati Qozog‘istonning sobiq Prezidenti Nur-Sultonda ekanligi haqida xabar berib, barchani davlat rahbari Qosim-Jomart To‘qayev atrofida to‘planishga, qiyinchiliklarni yengib o‘tish va mamlakat yaxlitligini ta’minlashga chaqirgandi.
Ma’lumot uchun, 2019 yil mart oyida Prezident lavozimini Qosim-Jomart To‘qayevga topshirib, Elboshini rutbasini olgan va Xavfsizlik Kengashini boshqarib kelayotgan Nursulton Nazarboyev Qozog‘istondagi namoyishlar avj olishi fonida Xavfsizlik Kengashi boshqaruvini ham qo‘sh qo‘llab Prezident To‘qayevga topshirdi. O‘shandan buyon uning qayerdaligi shubha ostida. Garchi Nazarboyevning atrofidagilar 8 yanvardan boshlab tilga kirib, uning mamlakatda bo‘lib turganini aytayotgan bo‘lsa-da, sobiq Prezident hozirgacha hech yerda ko‘rinish bermadi. Hatto, to‘ng‘ich qizi – deputat Darig‘a Nazarboyeva ham 11-12 yanvar kunlari bo‘lib o‘tgan Parlament yalpi majlisida ishtirok etmagan. Uning koronavirusga chalingani va kasallik sabab ta’tilda ekani aytildi.
Nazarboyev ko‘rinish bermayotgan bir vaqtda esa uning hatto sog‘lig‘i haqida mish-mishlar tarqala boshladi. Namoyishlarda esa sobiq Prezidentning Olma-otadagi saroyi yoqib yuborildi, haykali qo‘porib tashlandi.
LiveBarchasi