Qozog‘iston chegarasida maymunchechak sababli nazorat choralari kuchaytirildi
Olam
−
19 avgust
3023Qozog‘iston chegarasi va aeroportlarida maymunchechak virusi (M-pox) tufayli nazorat choralari kuchaytirildi. Bu haqda “Zakon.kz” nashri xabar berdi.
Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, bugungi kunga qadar Qozog‘istonda birorta ham maymunchechakdan kasallanish holati kuzatilmagan. Shunga qaramay, mamlakatning sanitariya-karantin punktlarida ko‘rilgan chora-tadbirlar kasallikning kirib kelish xavfini kamaytiradi.
Qozog‘istonliklardan quyidagi ehtiyot choralarini ko‘rish so‘ralmoqda:
- kasal odamlar va yovvoyi hayvonlar bilan aloqadan saqlanish;
- hayvonlar yoki ularning mahsulotlari bilan kontaktga kirishganda himoya kiyimlari va qo‘lqoplardan foydalanish;
- qo‘llarni muntazam ravishda yuvish va dezinfeksiyalovchi vositalardan foydalanish.
Shuningdek, kasallanish holatlari qayd etilgan mamlakatlarga zarur bo‘lmasa bormaslik tavsiya etiladi. Toshma, yuqori harorat va boshqa belgilar paydo bo‘lsa, zudlik bilan tibbiy yordamga murojaat qilish lozim.
Bundan bir necha kun avval Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti maymunchechak epidemiyasi bilan bog‘liq favqulodda holat e’lon qilgandi. Bunga Afrika qit’asining ayrim hududlarida maymunchechak bilan bog‘liq vaziyat nazoratdan chiqib ketgani sabab bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda maymunchechak kasalligi aniqlangan taqdirda, unga qarshi kurashish uchun barcha choralar ko‘rilgani ma’lum qilingandi.