Qozog‘iston bu yil ham G‘alaba kunidagi harbiy paradni bekor qildi
Olam
−
24 aprel 2023
5464Qozog‘iston Mudofaa vazirligi mamlakatda Vatan himoyachilari kuni (7 may) va G‘alaba kuni (9 may)ga bag‘ishlangan harbiy parad xarajatlarni tejash maqsadida o‘tkazilmasligini ma’lum qildi. Bu haqda "Central Asia" xabar berdi.
“Qozog‘istonda 2023 yilda harbiy parad o‘tkazish byudjetni tejash, shuningdek, boshqa muammolarni hal qilish zarurati tufayli rejalashtirilmagan. Xususan, Qozog‘iston Qurolli Kuchlari bo‘linmalarining jangovar tayyorgarligi va harakatchanligini talab darajasida saqlash ustuvor vazifadir”, deyiladi xabarda.
Shu bilan birga, yaqinlashib kelayotgan bayramlar munosabati bilan harbiy-vatanparvarlik tadbirlari rejalashtirilgani va o‘tkazilishi, alohida xizmat ko‘rsatgan harbiy xizmatchilar ulug‘lanishi ta’kidlangan.
“7 va 9 may kunlariga qadar boshqa tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha batafsil ma’lumotlar yaqin kunlarda vazirlik saytida e’lon qilinadi”, deyiladi Mudofaa vazirligi axborotida.
Qozog‘istonda 2022 yilda ham G‘alaba va Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan harbiy parad o‘tkazilmagan. Mamlakat Mudofaa vazirligi qarorni "byudjet mablag‘larini tejash maqsadida" deya izohlagan.
Qozog‘istonda oxirgi marta Vatan himoyachilari kuniga harbiy parad 2018 yilda, G‘alaba kuniga parad 2019 yilda o‘tkazilgan.
LiveBarchasi