Qozog‘iston bilan chegara o‘tkazish punkti yopiladi
Jamiyat
−
18 Oktabr 2019
8314Qozog‘iston Respublikasining O‘zbekiston Respublikasi bilan chegarada joylashgan “B.Konisbayev” chegara o‘tkazish punkti 2020 yilning birinchi yarmiga qadar yopiladi. Bu haqda Qozog‘iston Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasiga asoslanib Davlat bojxona qo‘mitasi Matbuot xizmati xabar bermoqda.
“B.Konisbayev” chegara o‘tkazish punktining vaqtincha yopilishiga qayta qurish va kengaytirish ishlari olib borilishi sabab qilib ko‘rsatilgan.
Joriy yilning 1 noyabridan boshlab mazkur chegara o‘tkazish punktida piyoda ravishda harakatlanayotgan jismoniy shaxslar, yengil avtotransport va 3,5 tonnagacha yuk ko‘tarish qobiliyatiga ega bo‘lgan yuk avtotransport vositalarining harakati 2020 yilning 1 yarmiga qadar to‘xtatilishi bildirilgan.
“Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi tovar hamda transport vositalarini bojxona chegarasi orqali olib o‘tuvchi tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari, tashuvchilar, yengil avtotransport vositalari haydovchilari va piyoda ravishda harakatlanuvchi jismoniy shaxslarga vaqtlarini tejash, sarf-xarajatlarning oldini olish maqsadida o‘zbek-qozoq chegarasida joylashgan boshqa muqobil o‘tkazish punktlari orqali harakatlanishlari mumkinligini ma’lum qiladi”, deyiladi xabarda.
Eslatib, o‘tamiz, Qozog‘istonning “B.Konisbayev” chegara o‘tkazish punkti Toshkent viloyati Chinoz tumanidagi “Yallama” chegara o‘tkazish punktiga tutash hisoblanadi.