Qozog‘iston ham Putinni hibsga olmaydi
Olam
−
05 aprel 2023
10292Qozog‘iston Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Ermuxambet Konuspayev Xalqaro jinoiy sudning Rim statuti Qozog‘istonga taalluqli emas ekani, chunki respublika hujjatni imzolamaganini ma’lum qildi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.
Shu tariqa Konuspayev Rossiya yetakchisi Vladimir Putinni hibsga olish uchun XJS orderining chiqarilishiga munosabat bildirgan. Konuspayevning ta’kidlashicha, Qozog‘iston ushbu qaror fonida Rossiya rahbariyatining tashriflarini tashkil etishda hech qanday to‘siq ko‘rmayapti.
“Biz Rim Statuti bilan qamrab olinmaganmiz, shuning uchun hech qanday harakatlarga chaqiriqlar yo‘q”, degan Qozog‘iston Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari.
Uning aytishicha, agar tashriflar tashkil etish bo‘yicha oliy darajada qaror qabul qilinsa, tabiiyki, birgalikda ishlashda davom etiladi.
“Bizda sayohatga cheklovlar yo‘q. Tashriflar tashkil etish bo‘yicha yuqori darajada tegishli qaror qabul qilinsa, albatta, biz ishlashda davom etamiz”, degan Konuspayev.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 17 mart kuni Gaagadagi Xalqaro jinoiy sud Vladimir Putin va bolalar ombudsmani Mariya Lvova-Belovani hibsga olishga order bergan, chunki ular bolalarning noqonuniy deportatsiyasi bilan bog‘liq harbiy jinoyatlar uchun javobgar deb topilgandi. Kreml XJS qarorini qonun nuqtai nazaridan ahamiyatsiz deb atagan va Rossiyada XJS prokurori va sudyalariga nisbatan ish ochilgandi. Shuningdek, Vengriya va Armanistonda ham Putin hibsga olinmasligi ma’lum qilingandi.
LiveBarchasi