Qoraqalpog‘istonga samolyotda olib kelinadigan naslli buqalar uchun subsidiya beriladi

Jamiyat

image

Qoraqalpog‘iston Respublikasining 20 ming gektar yaylov yerlarida Misr tajribasi yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda bugun, 19 sentyabr kuni Nukus shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan Qoraqalpog‘istonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda so‘z bordi.

Qayd etilishicha, Qoraqalpog‘istonda 4 million 300 ming gektar yaylov yeri bor. Shundan 2,5 million gektaridan aholi daromadini oshirish va chorvani ko‘paytirish uchun yetarlicha foydalanilmayapti.

“Beruniy Agrostar” Qo‘ng‘irot, Beruniy va Chimboyda aylanmadan chiqqan 2 ming gektar yerni tiklab, ozuqa yetishtirishga moslashtirmoqda. Kelasi yili yana 5 ming gektar o‘zlashtiriladi. Bu 14 ming bosh qoramol uchun ozuqa bazasi bo‘ladi.

Bo‘zatovda ham 7,5 ming gektar yerni ozuqaga moslashtirishga 100 milliard so‘m ajratiladi. Ozuqa yetishtirishga har gektar uchun 500 ming so‘m subsidiya berish bo‘yicha o‘n kunda qaror kiritish topshirilgan.

Misr tajribasini o‘rganish uchun 200 dan ziyod fermer, jumladan, qoraqalpog‘istonlik 26 nafar fermer ushbu davlatga yuborilgan. Dastlabki bosqichda Qoraqalpog‘istonning 20 ming gektar maydonida Misr tajribasi yo‘lga qo‘yiladi.

Cho‘l hududlarida ozuqa yetishtirishni ko‘paytirish uchun Misrdan mutaxassislar va texnologiyalar jalb etiladi. Chorvachilik uchun Osiyo taraqqiyot bankidan olinayotgan 60 million dollar kredit va 8 million dollar grant birinchi navbatda shu loyihaga yo‘naltiriladi.

Chorvachilikda yirik komplekslar tashkil etish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratiladi. May oyida chorva bosh sonini ko‘paytirishga 1 trillion 600 milliard so‘m resurs ajratilgan. Amalda 5 milliard so‘mgacha bo‘lgan loyihalarga o‘n yilga 10 foizli kredit berilmoqda.

Qoraqalpog‘istonlik chorvadorlarning 1-2 ming boshli komplekslar tashkil etish uchun kredit miqdorini 50 milliard so‘mgacha oshirish taklifi qo‘llab-quvvatlangan.

Beruniylik chorvadorlar samolyotda qoramol tashish kompensatsiyasining shartlari yengillashtirilsa, 5 ming bosh chorva olib kelishga tayyorligini bildirgan. Endi Qoraqalpog‘istonga samolyotda olib kelinadigan naslli buqalar qiymatining 10 foizi, har bir bosh uchun 4 million so‘mgacha subsidiya qilinadi.

Bir oyda joyi, tashabbuskori va mablag‘i aniq bo‘lgan kamida 100 ming boshli chorva komplekslarining loyihalari shakllantiriladi. Qoramol xaridi uchun kredit ajratish tartibi yengillashtirilib, mablag‘lar tuman shtabi xulosasi asosida beriladi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing