Qoraqalpog‘istonda qonunga zid harakat qilib vafot etganlar qurbon emas, jinoyatchidir – “Milliy tiklanish”

Jamiyat

image

Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan voqealarda vafot etgan ommaviy tartibsizlik ishtirokchilari qurbon emas, jinoyatchi. Bu haqda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi deputatlari va faollarining Qoraqalpog‘istondagi voqealar bo‘yicha e’lon qilgan munosabatida aytiladi. Rasmiy munosabatni partiya raisi Alisher Qodirov o‘z Telegram-kanaliga joylashtirdi. 

“Hokimiyatning yagona manbai xalqdir. Barcha qarorlar xalq bilan maslahatlashilmoqda, minglab tashabbus va takliflarga munosabat bildirilmoqda.  

Davlat boshqaruvining qarorlariga munosabat bildirishning oson va samarali tizimlari yaratilgan bo‘lsa-da, qonunlarga zid, hamma uchun zararli va hayot uchun xavfli bo‘lgan yo‘lni tanlaganlar qurbon emas, jinoyatchidir.   

Fikr aytish, mas’ullarga yetkazish, muhokama va munozara qilish, loqayd va mas’uliyatsiz xizmatchilarni tanqid qilish, shikoyat qilish yoki sudga berish huquqimiz va haqqimiz! 

Lekin, bizdan boshqa millionlarning ham turmush maskani, xotirjamligi manbai bo‘lgan jamoat tartibi, tinchligi va barqarorligini buzmaslik va buzg‘unchilarni qo‘llamaslik majburiyatimiz hamdir!”, deyiladi munosabat avvalida. 

Munosabatda O‘zbekiston tinchini buzmoqchi bo‘lganlar navbatdagi marta maqsadlariga yetolmagani, bundan keyin ham etolmasligi urg‘ulanadi.   

“Bu manfur buzg‘unchilarni topish va jazolash uchun Hukumatimizda vakolat, imkoniyat va tajriba yetarli ekaniga zarracha shubhamiz yo‘q.  

Kim va sababi nima bo‘lishidan qat’i nazar Qoraqalpog‘istondagi tartibsizliklarni rejalagan, tashkil qilgan va ishtirok etganlarning hammasi qonunda belgilangan keskin jazolarini olishlari kerak! 

Qarashlarimiz turlicha bo‘lishi mumkin, lekin O‘zbekistonda barqarorlik va xalqimiz tinchligini asrab-avaylash yo‘lida bir butun xalq bo‘lishimiz barchamiz uchun hayot-mamot masalasi ekanligini unutmaylik.  

Vatan uchun  jonini fido qilgan shahidlarimiz abadiy xotiramizda saqlanadi”, deyiladi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida ayrim fuqarolar O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarni noto‘g‘ri talqin qilib, kutilmaganda namoyishlar uyushtirdi. 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi holatni Nukusda davlat boshqaruvi organlarini egallashga urinish deb baholadi.

Shundan so‘ng, 2 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga yetib bordi va qoraqalpoq xalqi bilan muloqot qildi. 

Shuningdek, Prezident Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish muhokamasi hali davom etayotganini inobatga olib hamda Qoraqalpog‘iston aholisi bildirayotgan fikr va mulohazalarni o‘rgangan holda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 70, 71, 72, 74, 75-moddalarini amaldagi tahrirda o‘zgarishsiz qoldirish zarurligini ma’lum qildi.

Bugun, 4 iyul kuni O‘zbekiston Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Konstitutsiyadagi Qoraqalpog‘istonga oid moddalar o‘zgartirilmasligi haqida qaror qabul qildi.

Sodir bo‘lgan voqealarda 516 kishi qo‘lga olindi, 243 kishi jarohatlandi, 18 kishi qurbon bo‘ldi. Holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 159-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) 4-qismi – “Hokimiyatni bosib olish yoki O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumini ag‘darib tashlash maqsadida fitna uyushtirish” bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

150

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing