Qoraqalpog‘istondagi tartibsizliklar qurbonlari 3 nafarga ko‘paydi – BP
Jamiyat
−
18 iyul 2022
11547Qoraqalpog‘iston Respublikasida ro‘y bergan ommaviy tartibsizliklar sabab vafot etgan fuqarolar soni yana 3 nafarga ko‘paydi. Bu haqda Bosh prokuratura Matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.
Idora vakilining so‘zlariga ko‘ra, tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan 274 nafar fuqarolarga tegishli tibbiy yordam ko‘rsatilgan, shundan 16 nafar fuqaro tibbiy muassasalarda qolmoqda, afsuski, yana 3 nafar fuqaro ahvoli o‘ta og‘ir bo‘lgani bois, shifokorlarning sa’y-harakatlariga qaramasdan, vafot etgan.
Hozirda ommaviy tartibsizliklar oqibatida jabrlangan shaxslarni aniqlash choralari ko‘rilmoqda. Jumladan, o‘z xizmat burchini bajarayotgan vaqtida tan jarohati olgan 141 nafar huquq-tartibot idoralari xodimlari hamda sog‘lig‘i va mulkiga zarar yetkazilgan 16 nafar fuqarolar jabrlanuvchi deb e’tirof etilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1-2 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida ayrim fuqarolar O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarni noto‘g‘ri talqin qilib, kutilmaganda namoyishlar uyushtirdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi holatni Nukusda davlat boshqaruvi organlarini egallashga urinish deb baholadi.
Shundan so‘ng, 2 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga yetib bordi va qoraqalpoq xalqi bilan muloqot qildi.
Shuningdek, Prezident Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish muhokamasi hali davom etayotganini inobatga olib hamda Qoraqalpog‘iston aholisi bildirayotgan fikr va mulohazalarni o‘rgangan holda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 70, 71, 72, 74, 75-moddalarini amaldagi tahrirda o‘zgarishsiz qoldirish zarurligini ma’lum qildi.
4 iyul kuni O‘zbekiston Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Konstitutsiyadagi Qoraqalpog‘istonga oid moddalar o‘zgartirilmasligi haqida qaror qabul qildi.
Sodir bo‘lgan voqealarda 516 kishi qo‘lga olindi, 243 kishi jarohatlandi, 18 kishi qurbon bo‘ldi. Holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 159-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) 4-qismi – “Hokimiyatni bosib olish yoki O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumini ag‘darib tashlash maqsadida fitna uyushtirish” bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
LiveBarchasi