Qoraqalpog‘istonda soliqni vaqtida to‘lamaganlarga chora ko‘rilmaydi  

Jamiyat

image

Qoraqalpog‘istonda hisobotlarini belgilangan muddatlarda topshirmagan soliq to‘lovchilarga nisbatan javobgarlik va ta’sir choralari qo‘llanilmaydi. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi Matbuot xizmati ma’lum qildi.

“Joriy yilning 3 iyulidan 2 avgustiga qadar respublikada favqulodda holat joriy etilganligini inobatga olib, ushbu hududda faoliyat yuritayotgan soliq to‘lovchilarga nisbatan favqulodda holat davrida soliq hisobotlarini belgilangan muddatlarda taqdim etmaslik holatlari bo‘yicha javobgarlik va ta’sir choralari (bankdagi hisob raqamlar bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatish, QQS guvohnomasini amal qilishini vaqtincha to‘xtatish) qo‘llanilmaydi”, deyiladi xabarda. 

Aytish joizki, O‘zbekiston Prezidentining tegishli farmoniga muvofiq Qorqalpog‘iston Respublikasida joriy yilning 3 iyulidan 2 avgustiga qadar favqulodda holat joriy etilgandi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1-2 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida ayrim fuqarolar O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarni noto‘g‘ri talqin qilib, kutilmaganda namoyishlar uyushtirdi. 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi holatni Nukusda davlat boshqaruvi organlarini egallashga urinish deb baholadi.

Shundan so‘ng, 2 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga yetib bordi va qoraqalpoq xalqi bilan muloqot qildi. 

Shuningdek, Prezident Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish muhokamasi hali davom etayotganini inobatga olib hamda Qoraqalpog‘iston aholisi bildirayotgan fikr va mulohazalarni o‘rgangan holda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 70, 71, 72, 74, 75-moddalarini amaldagi tahrirda o‘zgarishsiz qoldirish zarurligini ma’lum qildi.

4 iyul kuni O‘zbekiston Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Konstitutsiyadagi Qoraqalpog‘istonga oid moddalar o‘zgartirilmasligi haqida qaror qabul qildi.

Sodir bo‘lgan voqealarda 516 kishi qo‘lga olindi, 243 kishi jarohatlandi, 18 kishi qurbon bo‘ldi. Holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 159-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) 4-qismi – “Hokimiyatni bosib olish yoki O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumini ag‘darib tashlash maqsadida fitna uyushtirish” bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

62

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing